O‘zA O`zbek

07.07.2018 11:43 Chop etish versiyasi

Turkmaniston delegatsiyasi Xorazmda

Turkmaniston delegatsiyasi Xorazmda
O‘zbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimizni yagona tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, o‘xshash til va urf-odatlar birlashtirib turadi. O‘zbek va turkman xalqlarini bir-biriga bog‘lab turadigan asriy an’analar xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bu madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik rivojiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov joriy yilning 23-24 aprel kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Tashrif doirasida savdo, iqtisodiy, transport-kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

Kuni kecha oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida Turkmanistonning milliy madaniy markazlari, muzeylar, adabiyotshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, kinematografiya sohasi vakillari va OAV xodimlaridan iborat delegatsiya Xorazm viloyatida bo‘ldi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan safar Urganch tumanidagi “O‘zbek – Turkman” do‘stlik uyi va “Ulli hovli” yodgorlik majmuasida hamda Urganch shahridagi “Yoshlar markazi”da o‘tgan ijodiy uchrashuvlar bilan boshlandi.

– “Ulli hovli” yodgorlik majmuasi bilan tanishish asnosida bu yerda olib borilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishdik, – dedi Turkmaniston Respublikasi qahramoni Go‘zal Shoquliyeva. – Mehmonxona, turkman xalqining milliy qadriyati – o‘tovlar, xizmat binolari, xullas, sayyohlik va ziyorat turizmi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bugungi uchrashuvlar milliy urf-odat va an’analarni yanada rivojlantirish va asriy qadriyatlarni kelajak avlodga bezavol yetkazish yo‘lidagi hamkorligimizni har tomonlama mustahkamlashga xizmat qiladi.

Turkmaniston delegatsiyasining Xorazmga safari davom etadi. Bugun mehmonlar Xivada bo‘lib shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechiradi.

O'zA
4 541