O‘zA O`zbek

07.08.2018 12:25 Chop etish versiyasi

Turkman eliga safar

Turkman eliga safar

Turkmaniston Madaniyat vazirligining taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Akilova boshchiligidagi delegatsiya Turkmanistonning tarixiy va madaniy boyliklari bilan tanishish, o‘zaro tajriba almashish hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida ushbu davlatga tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

photo5424944458702629284.jpg

Delegatsiya a’zolari to‘rt kunlik tashrifi davomida Turkmanistonning Lebap, Mari, Axal, Toshovuz viloyatlarida hamda mamlakat poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib, madaniyat va ma’rifat sohasi xodimlari bilan o‘zaro uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzeylar, kutubxonalar, teatrlar faoliyati bilan tanishdi. Turli davrlarda qurilgan Sulton Sanjar, Shayx Najmiddin Kubro maqbaralari, Sulton Ali, To‘rabekxonim tarixiy-me’moriy obidalari, Doyaxotin karvonsaroyi, Ko‘hna Urganch xarobalarini borib ko‘rdi. Dehiston, Amul, Dandonakan, Nusay kabi qadimiy hududlarda olib borilayotgan arxeologik qazishma ishlarini borib ko‘rdi.

photo5424944458702629286.jpg

Turkmaniston tasviriy san’at muzeyi, davlat milliy madaniyat markazi, bosh drama teatri, davlat bosh kutubxonasi ijodiy jamoalari bilan qiziqarli uchrashuvlar tashkil etildi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan ushbu uchrashuvlar chog‘ida kutubxonalar bilan tarixiy-ilmiy, badiiy adabiyotlarni almashish, madaniyat va san’at sohasida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish, teatrlar jamoalarining ijodiy safarlarini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

O‘zA
2 823