O‘zA O`zbek

08.08.2018 12:25 Chop etish versiyasi

“Turkiston mo‘ylovdori”ni O‘zbekistonga qaytarmoqchi

“Turkiston mo‘ylovdori”ni O‘zbekistonga qaytarmoqchi

“Qizil kitob“ga kiritilgan “Turkiston mo‘ylovdori” balig‘i Xitoyga olib ketilib, ko‘paytirilgan. Bugungi kunda Xitoyda sanoat usulida ko‘paytiriladigan mazkur baliqning go‘shti shirin, eksportbop, mahalliy baliqlarga o‘xshab tez yetishadi.

Yurtimizda aholining baliq mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 6 apreldagi “Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori bu borada muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki qoshida tashkil etilgan Baliqchilik ilmiy-tekshirish markazi baliqchilik sohasida ilmiy ishlarni amalga oshirish va baliqchilik xo‘jaliklariga ilmiy ishlanmalar bilan xizmat ko‘rsatish bilan birgalikda xorijlik hamkorlar bilan keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, joriy yilning iyul oyida ilmiy markaz tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining Xarbin shahridagi Xeylunszyan daryosi baliqchiligi ilmiy tadqiqot instituti va Usi shahridagi Chjeszyan provinsiyasida joylashgan Chuchuk suv baliqchiligi ilmiy tadqiqot markazi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Kelishuvga binoan, xitoylik yetakchi olim va mutaxassislar mamlakatimizda baliqchilik sohasida ilmiy tadqiqot o‘tkazishda yordam beradi. Endilikda baliq yetishtirishning intensiv texnologiyalarini joriy etishda sohadagi rahbar va mutaxassislar malakasi oshiriladi. Toshkent davlat agrar universitetining baliqchilik fakultetida tahsil olayotgan talabalar xitoylik mutaxassislardan soha sir-asrorlarini puxta o‘zlashtiradi.

O‘tgan asrning 80-yillarida ham mazkur ilmiy tadqiqot instituti bilan shartnoma imzolangan edi. Unga ko‘ra, “Qizil kitob“ga kiritilgan, hozirgi kunda Amudaryoda yashovchi “Turkiston mo‘ylovdori” balig‘i Xitoyga olib ketilib, ko‘paytirilgan. Bugungi kunda Xitoyda sanoat usulida ko‘paytiriladigan mazkur baliqning go‘shti shirin, eksportbop, mahalliy baliqlarga o‘xshab tez yetishadi.

– Zamonaviy texnologiyalar asosida baliq yetishtirish uchun fermerlarning malakasini oshirishga katta e’tibor qaratmoqchimiz. Memorandumga muvofiq, “Turkiston mo‘ylovdori”ni yurtimizga olib kelish rejalashtirilgan, – deydi markaz direktori Dilmurod Shohimardonov. – Bu bizning iqlimga, suvga va boshqa sharoitlarga mos baliq va xitoyliklar tomonidan sevib iste’mol qilinadi. Mazkur baliqni yetishtirib, Xitoyga eksport qilishimiz mumkin. Bundan tashqari, Xitoy texnologiyasini O‘zbekistonda sinov tarzida joriy qilib, olimlar bilan seminar-trening tashkil etish hisobiga o‘zimizning yer-suv resurslaridan samarali foydalangan holda baliq yetishtirishni keskin ko‘paytirish niyatimiz bor.

D.Shohimardonovning aytishicha, xitoyliklar mazkur baliqni yana O‘zbekistonga olib kelib, hozirgi kunda Buxoroning tabiiy ko‘llarida ovlanayotgan mahalliy baliqlar bilan chatishtirish orqali naslini yaxshilashga qiziqish bildirmoqda. Mahalliy karp, oq amur, oq do‘ngpeshona, chipor do‘ngpeshona baliqlarining zotlarini yaxshilash bo‘yicha ham hamkorlikda faoliyat olib borish mo‘ljallangan.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 375