O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Turk ishbilarmonlari: O‘zbekiston investitsiya uchun eng qulay mamlakat

Turk ishbilarmonlari: O‘zbekiston investitsiya uchun eng qulay mamlakat

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Turk Serbest Mimarlar Dernegi” mustaqil me’morlar uyushmasi hamkorligida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida “V2V” formatida O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi va biznes muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma korxonalar va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil qilingan tadbirda me’morchilik sohasidagi 10 dan ortiq turk kompaniyalari va 100 dan ziyod mahalliy tadbirkorlik sub’ekti ishtirok etdi.

Uchrashuvda Turkiya delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistonning iqtisodiy ahvoli, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.

– O‘zbekiston va Turkiya qardosh o‘lka. Shu bois aloqalarimiz yanada kengayib bormoqda, – dedi “Turk Serbest Mimarlar Dernegi” mustaqil me’morlar uyushmasi ishbilarmoni Murat Nesim o‘g‘li. – Me’morlik va qurilish sohasida joriy yil yanvar-may oyida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,5 foizga o‘sib, 953,2 million AQSh dollarini tashkil qildi. Hozirda O‘zbekiston Turkiyaning eng rivojlangan 20 ga yaqin qurilish kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda. O‘zbekistonning ko‘p hududlarida bo‘lganmiz. Mamlakatingizning turizm sohasida erishayotgan yutuqlariga ham guvohmiz. Joylarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, rejadagi loyihalar havas qilsa arzigulik. Hamkorlikda Jizzax shahrida katta ko‘lamdagi sog‘lomlashtirish markazi tashkil qilishni rejalashtirganmiz.

Tarixi, madaniyati va urf-odatlari bir ildizga borib taqaladigan bu ikki davlat me’morlarining sohadagi qarashlari ham o‘xshash.

Mamlakatning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlari ko‘rinishi, tarixiy va me’moriy obidalar diqqatimizni tortgan. Turkiyada ham ushbu ko‘rinishdagi obidalarni qurish istagidamiz. Mavjud loyihalarda ishtirok etib, yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana bilish bizning bosh maqsadimiz.

796
Muhayyo TOShQORAEVA, O‘zA