Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2018 12:17 Chop etish versiyasi

Turizm rivojida telekommunikatsiya tarmoqlarining o‘rni

Sayyohlik dunyo iqtisodiyotida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Ko‘plab mamlakatlar ayni shu soha orqali aholisi farovonligini ta’minlayapti. Ba’zi mamlakatlar o‘z tarixiy maskanlari, so‘lim tabiati, qadimiy obidalari bilan sayyohlarni jalb etayotgan bo‘lsa, ayrimlari butunlay boshqa yo‘nalishlarda, xususan, savdo va xizmatlar bilan dunyoga eshik ochmoqda.

Ayni shu jihatdan qaraganda, O‘zbekiston imkoniyatlari hech qaysi jabhada hech kimdan kam emas. Biroq, bu imkoniyatni ro‘yobga chiqarish borasida do‘ppini boshdan olib o‘ylaydigan masalalar yig‘ilib qolgan edi.

Avvalo, soha bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar, xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar, narx va xizmatlar o‘rtasidagi tafovut... Bularning barchasi ulkan imkoniyatlarimizga soya solib turgan edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyov bu kabi muammolarni chuqur tahlil qilib, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida hal qiluvchi qarorlar qabul qildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etilib, uning faoliyati zamon talablariga moslashtirildi. O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va diplomatik korpus rahbarlari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazildi, soha istiqboli bilan bog‘liq vazifalar belgilab berildi.

Prezidentimizning tegishli qaror va farmonlari e’lon qilindi. Viza tartibi soddalashdi, sayyohlik uchun qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar berildi. Natijada qisqa vaqtda O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi.

Davlatimiz rahbarining ichki turizmni rivojlantirish borasida ilgari surgan tashabbuslari ham xalqimiz ko‘nglidagi gap bo‘ldi. O‘zbekistonda yashab O‘zbekistonni bilmaydigan odamlar jamoa bo‘lib, tarixiy shaharlarimiz, muqaddas qadamjolarni qayta kashf etmoqda.

Bu jarayonda har bir tashkilot va muassasa, shu yurtning har bir fuqarosi faol bo‘lishi zarur. Shunda boshlangan xayrli ishlar yanada jadallashadi. Mehnatlar mahsuli tezroq ko‘zga tashlanadi.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ham o‘z yo‘nalishida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosiga mas’uliyat bilan yondashmoqda.

Inspeksiya tomonidan yil boshidan tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar joylashgan hududlardagi aloqa qamrovlari o‘rganib chiqildi. Avvalo, O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylangan Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlaridagi aloqa xizmatlari sinchkovlik bilan ko‘rikdan o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Samarqand shahrida jami 107 ta mehmonxona mavjud bo‘lib, shundan 11 tasi optik tolali kabel orqali, qolganlari ADSL texnologiyasi asosida internet tarmog‘iga ulangan. Mehmonxonalar hududida barcha mobil aloqa xizmatlari bo‘yicha qamrov 100 foizni tashkil etadi.

Biroq, viloyatda joylashgan muqaddas qadamjolarning barchasida ham mobil aloqa operatorlarining qamrovi ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Xususan, Samarqand shahridagi Xo‘ja Doniyor va Samarqand viloyatining Oqdaryo, Poyariq, Nurobod tumanlaridagi ziyoratgohlarda qamrov bilan bog‘liq muammolar mavjud. Jumladan, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi hududida “COSCOM”, “Uzmobile (GSM)”, “Uzmobile (CDMA)”, “RWS” mobil kompaniyalarining 2G texnologiyasi signallari qoniqarli, biroq, 3G texnologiyasi signali talab darajasida emas. Bu borada faqat “UMS” kompaniyasining 2G va 3G texnologiyasida muammolar uchramaydi.

Mahdumi A’zam ziyoratgohi hududida “COSCOM”, “UMS”, “RWS”, “Unitel” kompaniyalarining 2G va 3G qamrovlari talab darajasida, “Uzmobile (GSM)” ning 3G signallari yetarli emas. Imom Buxoriy ziyoratgohi hududida “UMS”, “COSCOM”, “Uzmobile (GSM, CDMA)”, “Unitel” kompaniyalarining xizmat sifatida muammolar uchramaydi. Biroq, “RWS” signali qamrovi yetarli emas. Hazrati Dovud ziyoratgohi hududi faqat “O‘zbektelekom” AK “Uzmobile” filialining 2G va 3G aloqa qamrovi bilan (yaxshi) ta’minlangan, bugungi kunda mazkur ziyoratgohga yaqin hududda “Unitel” MChJ tomonidan yangi tayanch baza stansiyalarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Samarqand shahrining tarixiy qismida Wi-fi zonalari tashkil etish va internet axborot tarmog‘iga ulanish imkoniyatini yaratish maqsadida hozirgi kunda “O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali tomonidan Registon maydoni, Samarqand temir yo‘l vokzali, Samarqand aeroporti, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi, Siyob bozori hamda Hazrati Xizr masjidi va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasi hududlarida Wi-Fi zonasi tashkil qilingan bo‘lsa-da, faoliyat ko‘rsatmayapti.

Shuningdek, boshqa obyektlarda ham Wi-fi zonalari tashkil etish bo‘yicha “O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali va “O‘zI-Samarqand” filiali bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Xorazm viloyatida ham aholiga sifatli aloqa va internet xizmati ko‘rsatish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, sayyohlar ko‘p keladigan tarixiy maskanlarni simsiz va tezkor internet tarmog‘i bilan qamrab olish borasida muammolar mavjud.

2014 yilda “O‘zbektelekom” AK tomonidan Urganch temir yo‘l vokzalida 4 nuqtada, Urganch aeroportida 5 nuqtada, Xiva shahrining Ichan qal’a hududida 34 nuqtada Wi-Fi zonasi tashkil qilingan. Biroq, bugungi kunda ushbu Wi-Fi internet tizimi faqat Urganch temir yo‘l vokzali hududida ishlab turibdi. Sababi internet trafigi uchun to‘lovni Urganch temir yo‘l vokzali ma’muriyatidan boshqa hech bir tashkilot o‘z zimmasiga olmagan.

Bu muammolar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi hamda Inspeksiya hududiy bo‘linmasi hamkorligida o‘rganilib, tegishli tartibda hal etilishi ustida ish olib borilmoqda.

Yuqoridagi obyektlar ma’muriyatlari 2017-yil 16-dekabr kuni Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasiga “O‘zbektelekom” AK Xorazm filialidan mavjud internet kartalarni sotib olib xorijiy sayyohlarga yetkazish tizimini tashkil qilish taklifini berdi, bu orqali ulardagi Wi-Fi Internet tizimini ishlatishga tayyor ekani bildirildi.

Shuningdek, Xiva shahridagi jami 37 ta mehmonxonadan 32 tasi simli telefon aloqasi hamda internet tarmog‘iga ulangan. Qolgan 5 ta mehmonxonada qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan va shu sababli telefonlashtirilmagan. Ushbu zonada barcha mobil aloqa xizmatlari bo‘yicha qamrov 100 foizni tashkil etadi.

Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi “2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyati sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida viloyatdagi sayyohlar to‘planadigan gavjum joylarda Wi-Fi-hududlarini yaratish bilan bog‘liq vazifalar belgilangan edi.

Qaror asosida Buxoro shahridagi barcha tarixiy qadamjolar, jumladan, Poyi Kalon, Labi hovuz, Toqi-Sarrofon, Toqi-Telpakfurushon, Toqi-Zargaron, Abu Ali Ibn Sino xiyoboni, qadimiy Ark maydoni, Buxoro aeroporti hamda Buxoro avtoshoh bekatlari, Sitorai Mohi Xosa qasri, Temir yo‘l vokzali va Bahouddin Naqshband ziyoratgohlariga uzoq masofada ishlovchi WI-FI uzatgich qurilmalari o‘rnatilib, tayyor holatga keltirilgan. Tasdiqlangan jadval asosida xizmat ishga turishirilmoqda. Buxoro shahridagi 100 dan ortiq mehmonxonada zamonaviy simsiz Wi-Fi internet xizmatlari joriy etilgan.

Vazirlikning hududiy boshqarmasi va Inspeksiya hududiy bo‘linmasi tomonidan bu boradagi ishlar monitoringi olib borilmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza, bugun poytaxtimiz va viloyat markazlarida faoliyat olib borayotgan turli ko‘ngilochar va savdo majmualarida mijozlar uchun bepul Wi-Fi zonalari taqdim etilmoqda. Ijara asosida planshet va boshqa elektron qurilmalardan ma’lum vaqt foydalanish imkoniyati mavjud. Bu, birinchidan, bu joylarga keluvchi xaridorlarni o‘ziga jalb etsa, ikkinchidan, tadbirkorlik subyektiga qo‘shimcha daromad keltiradi, degani.

Viloyat hokimliklari ham tarixiy maskanlarga kelayotgan sayyohlarga bepul internet xizmatlari taqdim etish orqali ular tashrifini rag‘batlantirsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan aloqa operatorlari ham tarixiy shaharlarimiz, muqaddas qadamjolar hududidagi aloqa qamrovini o‘rganib, xizmat sifatini zamon talablariga yetkazsa, avvalo, o‘z zimmasidagi majburiyatni bajargan va qolaversa, yurtimiz turizm salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shgan bo‘ladi.

Sir emas, biror yurtga borsangiz, avvalo, sog‘-omon yetib kelganingizdan uydagilarni xabardor qilishga shoshilasiz. Iqtisodi taraqqiy etgan, turizm rivojlangan mamlakatlarda bu borada muammolar uchramaydi. Siz, turli paketdagi sim kartalar orqali aloqa xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Safar davomida mobil telefoningiz bekamu-ko‘st ishlab tursa, o‘zingizga ishonchingiz mustahkam bo‘ladi.

Yurtimizga kelayotgan sayohlarni ham o‘zimizga qiyoslasak, masala mohiyati yanada oydinlashadi. Bu borada “Uzmobile” kompaniyasi tomonidan turistlar uchun maxsus tariflar ishlab chiqilgani, mobil routerni ijaraga berish xizmatlari joriy etilganini olqishlasa arziydi. Boshqa kompaniyalar ham bu borada o‘zaro raqobatga kirishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Yaratganning nazari tushgan yurt. Dunyo taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan allomalar Vatani. Qadim tarix va buyuk kelajak chorrahasini makon tutgan muqaddas go‘sha. Istiqlol tufayli yurtimizda asrlarga tatigulik olamshumul o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Dunyo bizni qaytadan kashf etdi. Bugun mamlakatimizda taraqqiyotning yangi to‘lqini xalqimizning bunyodkorlik va yaratuvchanlik fazilatlarini jo‘sh urdirdi. Shunday ekan, har birimiz o‘zimizga talabni qattiq qo‘yib, dunyoqarashimiz va amaliy harakatlarimizni zamon talabiga moslashtirsak, davlatimiz rahbari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz.

Dilshod Bo‘riyev, 
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya
texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha
davlat inspeksiyasi matbuot kotibi.

O‘zA
4 420