O‘zA O`zbek

24.08.2018 16:24 Chop etish versiyasi

Tungi hayot niqobida “ommaviy madaniyat”ni targʻib qilmang

Tungi hayot niqobida “ommaviy madaniyat”ni targʻib qilmang
Gay Sallyustiy Krisp Yuliy Sezarga yozgan maktublaridan birida quyidagicha nasihat qiladi: “Hech qachon oʻz davlatingda axloqsiz insonlarning faqat puldorligi uchun obroʻ topishiga yoʻl qoʻyma! Chunki axloqli kambagʻal insondan koʻra, axloqsiz boy jamiyatda obroʻ topsa, axloqsizlik oʻsha jamiyatda urf boʻladi. Shunda imperiya har qancha qudratli boʻlsada u tanazzuliga yuz tutadi”.

Tunggi klublar... U puldorlarni qiziqtirishi tabiiy. Ularning aksariyati bu yerga koʻngilxushlik uchun kelishsa, ayrimlari uchun pul topish manbaiga aylangan. Chunki nazoratdan chetda boʻlgan ushbu joylar ana shunday kimsalar uchun ayni muddao.

“Toshkent zerikarli shahar”, deganlarni uni bir bor boʻlsada toʻliq aylanib chiqqaniga shubha bilan qarayman. Chunki har qadamda madaniyat, maʻrifat maskanlari – kinoteatrlar, konsert zallari, yirik kutubxonlar, muzeylar, xiyobonlar, sport majmualari... shunday joy zerikarli boʻlishi mumkinmi?!

– Inson qachon zerikadi, qachonki uning foydali yumushi boʻlmasa, – deydi yosh huquqshunos. – Oʻzim tungi klublarni yoqtirmasamda, lekin shunday joyda bir marta boʻlganman. Ancha oldiroq Fargʻonada mehmon boʻlgandim. Mezbonlar qoʻyarda qoʻymas meni tungi klubga olib borishdi. Tun yarmi. U joyda sogʻ odamning oʻzi yoʻq edi. Bir birini tutundan koʻrib boʻlmas, shovqindan eshitib boʻlmas edi. Mijozlar asosan yoshlar. Ular orasida qizlar ham bor. Aksariyati xorijda ishlaganlar ekan. Guruh-guruh boʻlib yurganlarga koʻzim tushdi. Ularning kimligini soʻraganimda “Toshmat jahon chempioni, Eshmat Osiyo chempioni, bari sportchilar”, deyishdi hamrohlarim. Chepionlarimiz oʻzlarini koʻz-koʻz qilishlariga shu yerni tanlashganiga hayron qoldim. Ochigʻi, spirtli ichimlik ichgunimcha bu yerga kelish niyatim yoʻq edi. Aqlni yoʻqotgach, u yerga borishga koʻndim. Bundan anglash mumkinki, bunday joylarga maʻnaviyati sogʻlom odam bormaydi.

Darhaqiqat, Gʻarb mamlakatlaridan yurtimizga kirib kelayotgan, maʻnaviyatimiz va urf-odatlarimizni buzishga yoʻnaltirilgan tahdidlardan biri, shubhasiz, tunggi klublardir. Vaholanki, ulardunyo xalqlarini gʻarblashtirishga, yaʻni oʻz madaniyatlarini boshqalarga ham singdirishga, oʻzgalar ongiga egalik qilishga intilishlari yaqqol namoyon boʻlyapti.Iqtisodiy salohiyati mustahkam boʻlgan davlatlar bu maqsad uchun misli koʻrilmagan darajada mablagʻ ajratayotgani ham hech kimga sir emas. Zero, “zamonaviylik” niqobida tiqishtirilayotgan bunday illatlar xalqlar madaniyatini, maʻnaviyatini yoʻq qilishga qaratilgani bilan ham xavflidir.

Toshkentdagi tungi klublarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatsangiz ularda eʻlon qilinayotgan suratlarni koʻrib, “nahot oʻzimizda, poytaxtimizda shunday ahmoqgarchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgan boʻlsa?!”, deya yoqa ushlaysiz. Yarim yalangʻoch, shahvoniy raqslarga tushayotgan qizlar, spirtli ichimliklarni tinimsiz ichayotgan, tamaki chekayotgan yosh-yalanglar...

– Shanxayda ham tunggi klublar bor, – deydi Xitoyda faoliyat yuritayotgan tadbirkor yurtdoshimiz. – Ammo ular toʻliq davlat nazoratida. Har bir klubda maxsus tayyorgarlikdan oʻtganqoʻriqchilar ishlaydi. Ular kelgan odamni kiyimiga, yoshiga va yurishiga qaraydi. Odamlar bino ichiga kirgunicha uch-toʻrt joydan kuchli tekshiruvdan oʻtkaziladi. Hatto baʻzi shunday klublarga faqat taklifnoma bilan kiritiladi. Seulda ham shunday tartib borligini koʻrganman. Ulardagi tunggi klublar ham davlat qonun-qoidalariga boʻysunadi. Bizdagi va xorijdagi tunggi klublar oʻrtasida osmon bilan yercha farq bor. Afsuski, Oʻzbekistondagi tunggi klublar hech qanday standartlarga, ham sanitariya talablariga javob bermaydi.

Kuzatishlarimizga koʻra, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tungi klublar allaqachon fahsh, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, maʻnaviyatsizlik maskaniga, xayosizlik bozoriga aylanib ulgurgandi. Shuni koʻra-bila turib Nikita Makarenkoning “tungi hayot” niqobida tunggi klublar faoliyatini yoqlaganiga, mamlakat iqtisodiyoti bilan bogʻlaganiga hayron qolasan kishi. Agar buni biror xorijlik jurnalist, yoki OAV aytganida turli savollar paydo boʻlmasdi ehtimol. Shaxsan men buni shunday izohlagan boʻlardim. Odam biror narsadan norozi boʻlsa, atrofdagi doʻsti-birodarlaridan xafa boʻlishi mumkin. Lekin oʻz Vataniga nisbatan adovatda boʻlishini hech bir narsa bilan oqlab boʻlmaydi.

gazeta.uz saytiga hamda “Maʻnaviyat” Toshkentni barbod qiladimi» sarlavhali maqola muallifiga aytar soʻzimiz bor. Tungi hayot niqobida “ommaviy madaniyat”ning jamiyatga taʻsir koʻrsatishi yoki hech narsani oʻzgartirmasligi haqida istagancha yozing, xohlagan OAVda eʻlon qiling. Ehtimol sizni qoʻllab-quvvatlovchilar ham topilib qolar. Ammo hech qachon nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyo beshigi sanaladigan aʻzim Toshkentni sayyohlar, investorlar uchun zerikarli, deyishga haqqingiz ham, huquqingiz ham yoʻq!

OʻzA
2 093