O‘zA O`zbek

15.11.2019 Chop etish versiyasi

Tuman hokimi: endi tadbirkorlar tegishli tashkilot yoki idora eshigini qoqib bormaydi

Tuman hokimi: endi tadbirkorlar tegishli tashkilot yoki idora eshigini qoqib bormaydi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 7 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, yanada rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Surxondaryo viloyatida mazkur topshiriqlar ijrosini so‘zsiz taminlash uchun mahalliy hokimliklar tomonidan hududdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari atroflicha o‘rganilib, sohani rivojlantirishda mavjud muammo va to‘siqlar yechimini topish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Raxmatulla Gapparov ham shu maqsadda tadbirkorlar bilan uchrashib, ularga murojaat qildi. Tumanda har hafta tadbirkorlar qabuli tashkil etilgani va sohani qo‘llab-quvvatlash, faoliyatiga to‘siq bo‘ladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etishda yangicha uslubda ishlash yo‘lga qo‘yilganini takidladi. Xususan, tuman hokimligi huzuridagi yer tanlash va ajratish komissiyasi tadbirkorlar murojaatlarini tezkorlik bilan o‘rganib, ularning ortiqcha vaqt sarflashiga chek qo‘yadi. Bu boradagi murojaatlarni qisqa muddatda joyida ijobiy hal etish choralarini ko‘radi. Bu tadbirkor hujjat aylanmasi uchun uzoq muddat tegishli tashkilot eshigi oldida sarg‘ayishining oldini oladi. Tuman hokimining qayd etishicha, endi biron tadbirkor tegishli tashkilot yoki idora eshigini qoqib bormaydi. Aksincha, tuman hokimining o‘zi ularga eng yaqin ko‘makdosh bo‘ladi.
Yirik salohiyatga ega tumanda 1 ming 850 tadbirkorlik subekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 541 tasi xususiy, 42 tasi oilaviy korxona, 834 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir. 415 fermer xo‘jaligi dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqda. Tadbirkorlik subektlarining 290 tasi joriy yilning o‘tgan davrida tashkil etilgan.

Mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan yuksak etibor tumanda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilab, xorijiy investorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir. Gresiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Vengriya davlatlari sarmoya kiritib, teng sheriklikka asoslangan biznes loyihalarni amalga oshirish istagini bildirmoqda. Intensiv bog‘ va issiqxonalar barpo etish, qishloq xo‘jaligi xom ashyosini qayta ishlash, hududning eksport salohiyatini oshirish yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishilmoqda.

Shu kuni tuman hokimi tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularni birgalikda hal etish choralarini ko‘rdi.

– Tumanda aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish uchun yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar to‘xtab turadigan avtoturargoh bunyod etganman, – deydi “Kumush Marvarid trans” masuliyati cheklangan jamiyati rahbari Zohid Eshqobilov. – Faoliyatimni yanada kengaytirib, savdo maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalar qurish uchun kredit olish bo‘yicha tuman hokimiga murojaat etdim. Hujjatlar shu yerning o‘zida rasmiylashtirilib, tijorat banki tomonidan menga zarur bo‘layotgan 250 million so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Masala joyida o‘z yechimini topganidan xursandman.

Uchrashuvda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun yer maydoni ajratish, tijorat bankidan kredit mablag‘i olib, faoliyatini rivojlantirish kabi masalalar bo‘yicha 54 tadbirkorning murojaati hal etildi.

563
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA