O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Tuhmatchi ayollar qilmishiga yarasha jazo oldi

Tuhmatchi ayollar qilmishiga yarasha jazo oldi

Agar 650 ming so‘m pulni bermasang, meni urdi, tan jarohati yetkazdi, deb ustingdan prokuraturaga ariza beraman, uyingga borib tanishim G. sendan homilador deya oila a’zolaring, qo‘ni-qo‘shnilaring oldida sharmanda qilaman...

Shahrixon tumani Bobochek mahallasida yashovchi Yu.X. ana shunday tuhmat bilan tuman soliq inspeksiyasi xodimidan pul undirmoqchi bo‘ldi. 

Ushbu mojaroning asl sababi nimada ekanligi o‘quvchini qiziqtirishi tabiiy. Voqea aslida shunday bo‘lgan. X.Yu. qo‘shnisining noqonuniy ravishda spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanayotgani, ichib olgan erkaklar uning tinchini buzayotgani, bu holatga chora ko‘rilishini so‘rab tuman soliq inspeksiyasiga og‘zaki murojaat qiladi. Tabiiyki, tuman soliq inspeksiyasi rahbariyati bu masalani o‘rganishni ana shu hudud soliq inspektori A.Q.ga topshiradi. O‘rganish jarayonida X.Yu. aytgan xonadonda spirtli ichimliklar savdosi olib borilmasligi, xonadonning ko‘cha tarafidagi xonadondan darcha ochilib, turli salqin ichimliklar, sigaret va attorlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanayotganligini aniqlaydi. Noqonuniy savdo qilayotgan ushbu xonadon sohibasiga qonuniy ro‘yxatdan o‘tib savdo qilishi, aks holda savdo ishlarini to‘xtatishi zarurligini aytib, unga ogohlantirish xati beradi.

Oradan bir necha kun o‘tib, X.Yu. soliq inspeksiyasi kelib, hudud inspektoriga uchrashib, qo‘shnisiga nima uchun chora ko‘rmaganligini, spirtli ichimliklar sotishni davom ettirayotganligini aytib, janjal ko‘taradi. Shundan so‘ng komissiya tuzilib, yana tekshiruv o‘tkaziladi. Spirtli ichimliklar sotilayotgani tasdiqlanmadi.

Lekin bo‘lib o‘tgan voqea sabab X.Yu. soliq inspektoridan qasddan tovlamachilik, tuhmat yo‘li bilan pul undirish harakatiga tushadi. Go‘yoki inspektor bilan janjallashganligi tufayli kasalxonaga tushib qolganligi, anchagina pul sarflaganini, shu bois so‘ragan pulini berishi kerakligini aytib, tahdid qilishni qo‘ymaydi. Bu ishga tanishi G.N.ni ham jalb etadi.

Shu tariqa X.Yu. soliq inspektoridan talab qilingan pullarni olayotganida tuhmat va tovlamachiligi uchun huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudi tomonidan tumandagi Bobochek mahallasida sudya J. Haydarov raisligida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Yu.X. va uning sherigi G.N. tomonidan sodir etilgan tuhmat, tovlamachilik bilan bog‘liq yuqoridagi jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Sud sudlanuvchilarning ayolligini, qaramog‘ida farzandlari borligini, qolaversa, mahalla raisining kafilligini hisobga olib, ularga jazo tayinlashda yengillik berdi.

Sud qonunlar asosida ishni ko‘rib chiqib, Yu.X. hamda G.N.larni aybdor deb topdi. Ularning har biriga uch yil ozodlikdan marhum etish jazosini tayinladi. Lekin aybdorlarning ayol, ona ekanligini, qolaversa, insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, Jinoyat Kodeksining tegishli moddalarini qo‘llagan holda aybdorlarga jazoni shartli ravishda o‘tash bo‘yicha hukm chiqardi, bir yil sinov muddati belgilandi.

Ana shu muddatida ularni nazorat qilish esa mahalla fuqarolar yig‘ini raislari zimmasiga yuklandi.

Bu holatni kuzatib, nahotki ayol kishi, ona shunchalar qabih yo‘lni tuta olsa, qadr-qimmatini poymol etsa, degan o‘y-xayollar shubhasiz, ko‘pchilikni tashvishga soladi. Bu ayollarning ayollik sha’niga qora dog‘ bo‘lgan qilmishi barchaga ibrat bo‘lishi kerak.

1 534
F.UBAYDULLAEV, O‘zA