Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2018 13:05 Chop etish versiyasi

Tug‘ruqxonada qanday hodisa ro‘y berdi?

Termiz shahar tibbiyot birlashmasi tug‘ruq majmuasida yuz bergan bu hodisa Surxondaryo viloyatida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. 23 yoshli onaning xatti-harakatidan ko‘pchilik beixtiyor yoqa ushladi. Insonlarga guldek shirin farzandu, bir olam quvonch ato etayotgan maskanda aslida nima bo‘lgan edi?

Ushbu voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘landik.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz tumanida yashovchi Sh.R. opasi va otasi bilan avvaldan til biriktirib, chaqalog‘ini 20 million so‘mga sotishga kelishadi. "Xamir uchidan patir", deya ushbu mablag‘ning 150 ming so‘mini “harajat” uchun oldindan olib qo‘yadi. 23 yashar ayol, opasi va otasi bilan Termiz shahar tibbiyot birlashmasi tug‘ruq majmuasi hovlisida kelishilgan pulning 14 million 500 ming so‘mini olib, uch kunlik norasida chaqaloqni mijozga topshirmoqchi bo‘lganida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlanadi.

Ona nomiga isnod keltirgan bu ayol faoliyati shu bilan yakun topmadi. O‘sha kuni tug‘ruq majmuasining ikki nafar shifokori ham oq xalatiga dog‘ tushirdi. Ular suyunchisi va chaqaloqni olib chiqib ketish uchun deb, Sh.R.ning mijozidan naqd 420 ming so‘m pulni ta’magirlik yo‘li bilan olayotganida qo‘lga tushdi.

Ayni paytda o‘z farzandini pullashga uringan Sh.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
6 514