O‘zA O`zbek

08.11.2018 21:23 Chop etish versiyasi

Tugʻilish toʻgʻrisidagi guvohnomani “bir darcha” tamoyili asosida olish imkoni yaratiladi

Hozirda mazkur xizmat avtomatlashtirish jarayonida boʻlib, poytaxtimizdagi Davlat xizmatlari markazlarida sinovdan oʻtkazilmoqda.

Xizmat koʻrsatish jarayonini modernizatsiya qilishda, birinchi navbatda byurokratik toʻsiqlarning bartaraf etilishi va tezkorlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Endilikda yangi tugʻilgan chaqaloqning ota-onasi yoki uning vasiysi bola tugʻilganlik fakti haqidagi maʼlumotni tugʻruqxonadan olish uchun, keyin bevosita fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimidan guvohnomani olish uchun, soʻngra bankda toʻlovni amalga oshirish uchun navbatda turishi shart emas.

Ushbu xizmat turi Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilib, amalga oshirilayotgan loyiha, Davlat xizmatlari markazlari va Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlar bazalarining integratsiyasini nazarda tutmoqda. Bola tugʻilgandan soʻng, tugʻruqxona yozuvlari maxsus tizimga kiritilib, ulardan markazlar xodimlari onlayn rejimda foydalana olishlari mumkin boʻladi.

Tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish lozim boʻladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab, plastik karta boʻlgani holda “Click“, “PayMe“ va boshqa tizimlar orqali onlayn-toʻlovni amalga oshirish imkoni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu tizimda korrupsiya holatlarini oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.

Kelgusi yildan mazkur xizmatni butun mamlakat boʻylab joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda poytaxtimizdagi markazlar xodimlari guvohnomalarni yozma ravishda toʻldirishdan asta sekinlik bilan voz kechmoqda.

Endi tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma kompyuter yordamida toʻldirilib, fuqaro yozuvlarni toʻgʻriligini monitordan tekshirgandan keyin qogʻozga chop etiladi.

Keyingi yildan boshlab fertil (yaʼni, bola tugʻishi mumkin boʻlgan) yoshdagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tugʻilguniga qadar nazoratni olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish hamda uni “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan. Mazkur tizim tugʻilgan bolalarni qayd etilmasdan qolish holatlarini oldini olish, shuningdek, bogʻchalarda kelgusida yaratish zarur boʻlgan joylarni oldindan rejalashtirishga yordam beradi.



Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA
2 500