O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Tovlamachilik yoʻli bilan 6 million soʻm pulni qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi

Tovlamachilik yoʻli bilan 6 million soʻm pulni qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi

Joriy yilning 11-iyul kuni fuqaro X.M. Fargʻona shahrida joylashgan “Makro” supermarketi nazoratchisi Q.B. bilan til biriktirib Fargʻona tumanida yashovchi U.R.ning oʻgʻli M.J.ni zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib, undan 6 million soʻm pul talab qilgan.

Fargʻona shahridagi mazkur supermarket oldida pullarni shu yerda qoʻriqchi boʻlib ishlovchi M.A. orqali tovlamachilik yoʻli bilan olayotgan vaqtlarida Fargʻona viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan X.M. va Q.B.larga nisbatan Fargʻona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tovlamachilik jinoiy javobgarlikka olib borishini esdan chiqarmang. Ushbu turdagi jinoyatni sodir etgan shaxs oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin, deyiladi viloyat IIB axborot xizmati xabarida.

769
M.SULAYMONOV, OʻzA