Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2018 14:58 Chop etish versiyasi

Tovarlar kimyosi rivoji yangi bosqichda

Tovarlar kimyosi rivoji yangi bosqichda

Andijon davlat universitetida “Tovarlar kimyosi muammolari va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi, Oliy harbiy bojxona instituti, Oʻzbekiston Milliy, Toshkent davlat agrar, Andijon davlat universitetlari, Toshkent kimyo-texnologiya hamda Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutlari olimlari, magistr va talabalari, shuningdek, Germaniya, Tojikiston va qirgʻizistonlik kimyo sohasi mutaxassislari ishtirok etgan anjumanda mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi.

– Kimyo fanlari rivoji, bu borada yaratilgan soʻnggi yangiliklar, xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish borasida keyingi yillarda mamlakatimizda eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda, – deydi Kimyo fanlari doktori, professor Ibrohimjon Asqarov. – Anjumanning asosiy maqsadi ham mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yuqori bosqichga koʻtarish, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari sifati va koʻlamini kengaytirish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Anjumanda “Tovarlarning kimyoviy tarkibi asosida sinflash va sertifikatlash fanining mamlakat iqtisodiyotidagi oʻrni”, “Biologik aktiv substansiyalar olish sohasidagi tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari”, “Tovarlarning xalqaro kod raqamini belgilashda ularning kimyoviy tarkibi asosida sinflashning ahamiyati”, “Tovarlar kimyosi fani – kimyo fanlari tizimidagi yangi fan” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan maʼruzalar hamda tovarlar kimyosi fanini rivojlantirish, mazkur yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Anjuman tovarlar kimyosi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni takomillashtirish, muammolarni bartaraf etish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, soha olimlari hamda yosh mutaxassislarining bilim va malakasini oshirishga xizmat qiladi.

F.Ubaydullayev, OʻzA
1 346