O‘zA O`zbek

29.08.2018 19:53 Chop etish versiyasi

Totuvlikni taʼminlashning yangi bosqichi

Totuvlikni taʼminlashning yangi bosqichi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda yangi bosqichidir” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov va boshqalar millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xalqimiz orasida bagʻrikenglik, insonparvarlik tuygʻularini rivojlantirish, turli millat va elatlar oʻrtasida hamjihatlik, oʻzaro hurmat, birodarlik xislatlarini mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan ekanligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 maydagi "Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni taʼminlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining boy tarixiy merosi va koʻp asrlik anʼanalariga asoslangan mamlakatda millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi Oʻzbekiston Respublikasi strategik rivojining asosi boʻlgan millatlararo, konfessiyalararo va fuqarolar totuvligida muhim omil boʻldi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandidek doʻst va totuvlikda yashamoqda. 138 milliy madaniy markaz, shuningdek, 34 doʻstlik jamiyati faoliyati Oʻzbekistondagi barcha millat hamda elatlarning tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari, anʼana va urf-odatlarini asrash, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminarda yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini yanada mustahkamlash, yurtimizdagi barcha millat va elatlarning tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari, anʼana hamda urf-odatlarini asrash, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda taʼsirchan targʻibot ishlari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish lozimligi qayd etildi.

Davron Sunnatov, OʻzA
1 968