Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.04.2018 10:45 Chop etish versiyasi

Toshrabot zamonaviy qishloqqa aylanadi

Davlatimiz rahbari joriy yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab bergan edi. Bugungi kunda “Obod qishloq” dasturi doirasida viloyatning chekka hududlari infratuzilmasini tubdan o‘zgartirish, aholi farovonligini yuksaltirish, eski binolarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, ikki bosqichli dastur asosida qishloqlarda savdo, maishiy va servis xizmati ko‘rsatish obyektlari qurilishi yuzasidan bir qator chora-tadbirlar ko‘rildi. Aholi xonadonlarida tomorqa, issiqxona, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilib, belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi farmoni va “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Ushbu hujjatlarga muvofiq, qishloqlarni zamonaviy qiyofaga keltirish, aholi turmush darajasi va madaniyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Dastur doirasida Karmana tumanidagi Toshrabot qishlog‘ida ham bir nechta aholi xonadoni tanlanib, zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ta’mirlanmoqda.

– Ayni paytda qishloqdagi noqonuniy yoki tartibsiz qurilishlar buzilib, hudud qiyofasi o‘zgartirilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari D.Ergashev. – Eng muhimi, qishloqdagi yangilanishlar jarayonida aholining ijtimoiy ahvoli, tomorqadan samarali foydalanish madaniyati, gaz, elektr energiya ta’minoti kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Belgilangan rejaga asosan hududdagi 60 kilometrlik elektr tarmog‘i, 47 kilometr gaz quvurlarini ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Tabiiy gaz yetib bormagan xonadonlar uchun 2 kilometrlik yangi gaz tarmog‘i tortilishi aholi uchun qulaylik yaratadi. Simyog‘ochlarni betonlisiga almashtirish, ichimlik suvi quvurlarini yangilash, aloqa kabellarini tartibga keltirish ishlari alohida e’tiborda. Shuningdek, qishloq ichki yo‘llarining 19 kilometr qismiga asfalt yotqiziladi. Ikkita umumta’lim maktabi binolari kapital ta’mirlanadi. Maktabgacha ta’lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi. Qishloq oilaviy poliklinikasi ham zamonaviy qiyofaga keltirilib, shinam salomatlik muassasasi sifatida yangidan ish boshlaydi.

Mamlakatimiz bo‘ylab olib borilayotgan bunday ezgu va xayrli ishlar odamlarda tashabbuskorlik, g‘ayrat va shijoatni oshirish bilan birga, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 326