O‘zA O`zbek

19.09.2018 15:02 Chop etish versiyasi

Toshkentdagi “Bolajon” istirohat bogʻida soxta IIB xodimi ushlandi

Toshkentdagi “Bolajon” istirohat bogʻida soxta IIB xodimi ushlandi Moddiy manfaat ilinjida ichki ishlar xodimining xizmat kiyimini kiyib, firibgarlikka qoʻl urgan fuqarolar ushlandi.

Shunday insonlar borki, ular jamiyat taraqqiyoti yoʻlida tinmay harakat qiladi. Oʻz xizmati bilan yurt osoyishtaligini saqlashga intiladi. Afsuski guruch kurmaksiz boʻlmaydi deganlaridek, hech qayerda ishlamay, oʻzgalar mulkiga koʻz olaytiradigan, biror bir kasbning etagini tutish oʻrniga qimmatli vaqtini behuda oʻtkazishga oʻrganib qolganlar ham oramizda yoʻq emas.

Moddiy manfaat ilinjida ichki ishlar xodimining xizmat kiyimini kiyib, firibgarlikka qoʻl urgan fuqarolar Bekzod Odilbekov va Anvarxoʻja Shoisayev ham ana shunday shaxslar boʻlib chiqishdi. Bu haqda “Toshkent” telekanalidagi “Poytaxt vaziyat” dasturida maʼlum qilindi.

Ular oson pul topish maqsadida joriy yilning 28 fevral kuni soat 16:30larda Toshkent shahar Mirobod tumani hududidagi “Bolajon” istirohat bogʻiga kelishadi va shu yerda sayr qilib yurgan Hakimov hamda Yusupovaning oldiga borib, ularni soʻroqqa tutadi. Maqsad, poʻpisa qilish orqali pul ishlab olish edi. Aynan shuning uchun jamoat joyida behayo harakatlarni sodir etganlik bilan toʻhmat qilib, bu haqda ular yashaydigan mahallada muhokama qilmaslik evaziga pul talab qilishadi.

Jabrlanuvchilar murojaati boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tezkor tadbirlari oʻtkazildi. Natijada Adilbekov va Shoisayev 80 ming soʻm miqdordagi pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamichilik, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilish bilan qoʻrqitib, mulkiy manfaatlar berishni talab qilish) bilanjinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

OʻzA
599