O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Toshkentda Taʼlim sohasida global hamkorlik tashkilotining mintaqaviy uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda

Toshkentda Taʼlim sohasida global hamkorlik tashkilotining mintaqaviy uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi maktab taʼlimidagi islohotlarga ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy etish maqsadida xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan aloqalar oʻrnatmoqda.

Vazirlikning GPE – Taʼlim sohasida global hamkorlik tashkiloti bilan hamkorligi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Joriy yilning 9-11-oktyabr kunlari Oʻzbekistondagi taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar va mamlakat tajribasini oʻrganish maqsadida Taʼlim sohasida global hamkorlik tashkilotining Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo okrugiga kiruvchi mamlakatlarning birinchi mintaqaviy uchrashuvi oʻtkazilmoqda.

Uchrashuvda ishtirok etish uchun Albaniya, Armaniston, Afgʻoniston, Gruziya, Moldova, Sudan, Tojikiston va Qirgʻiziston davlatlari taʼlim vazirliklari vakillari ishtirok etmoqda.

Bugun Toshkentda mazkur mintaqaviy uchrashuvning ochilishi boʻlib oʻtdi. Unda GPE xalqaro tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonda 2019-2023-yillarda taʼlim sohasini rivojlantirish uchun 10 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratish rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.

Taʼlim sohasida global hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi koordinatori Xoa Tran Ringrouz taʼlim muassasalariga koʻrsatayotgan begʻaraz yordami uchun Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining “Taʼlim homiysi“ koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Mazkur uchrashuv GPE bilan hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotning ishlash tartib-qoidalari hamda GPE Kotibiyatini Oʻzbekistonda xalq taʼlimi sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan boʻlib, ishtirokchilar GPE faoliyati, uning ishlash tamoyillari, taʼlim sektori rejasini tayyorlash, ijrosini va monitoringini taʼminlash, mamlakatlar oʻrtasida tajriba almashish hamda boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.

Xorijlik mehmonlar Oʻzbekistonda xalq taʼlimi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va qoʻshma loyihalar yuzasidan tajriba almashadi. Jumladan, Qibray tumanida GPE tomonidan moliyalashtirilgan 14-umumtaʼlim maktabi va 29-maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati bilan tanishadi. Mehmonlarning Toshkentdagi diqqatga sazovor joylarga sayohati uyushtiriladi.

Maʼlumot uchun, Taʼlim sohasida global hamkorlik tashkiloti 2002-yilda global hamda milliy darajada yoshlarni sifatli taʼlimga teng qamrab olishni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan. 2019-yilning aprelidan Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov GPE eng yuqori boshqaruv organi sanalgan Direktorlar kengashi aʼzosi sanaladi.

1 413
Mohigul Qosimova, OʻzA