Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.06.2018 14:37 Chop etish versiyasi

Toshkentda Parij moda va dizayn xalqaro akademiyasi ochilishi mumkin

Bu boradagi fikrlar o‘zbekistonlik dizaynerlarning Parijga amalga oshirgan ilk amaliyoti doirasida o‘tkazilgan muzokaralarda bildirildi, deyiladi “Jahon” axborot agentligi xabarida.

“Sharq liboslari” dizaynerlik markazi vakillari, shuningdek, mamlakatimizning to‘quvchilik, tikuvchilik korxonalari mutaxassislaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor dunyoda yetakchi Parij moda va dizayn xalqaro akademiyasida malaka oshirib qaytdi.

O‘quv kursi doirasida mamlakatimizning yetakchi dizaynerlari Fransiyada tayyor mahsulot ishlab chiqarishdagi innovatsion ishlanmalar bilan tanishib, kiyim-kechaklarni modellashtirish va loyihalashtirish, shuningdek, o‘zbek moda sanoatini ommalashtirish, Fransiyaning bu sohadagi yetakchi maktablari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish imkoniga ega bo‘lishdi.

Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Fransiya iste’molchilari federatsiyasi prezidenti Les Chajes hamda Yaponiyaning “Uni Qlo” kompaniyasi mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazishdi va imtiyozli shartlarda amaliyot o‘tashni davom ettirish, to‘qimachilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Parij moda va dizayn xalqaro akademiyasi prezidentining qayd etishicha, ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga ko‘ra, 20 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislar akademiyada amaliyot o‘tashgan. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida mamlakatimizning tikuvchilik sanoati uchun kadrlar o‘qitish va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik qilish hamda kelgusida Parij moda va dizayn xalqaro akademiyasining filialini Toshkentda ochish istiqbollari ham muhokama qilingan.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
1 932