O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Toshkentda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini iqtisodiy baholashga doir ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tadi

Toshkentda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini iqtisodiy baholashga doir ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tadi

Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da 5 dekabr kuni “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini iqtisodiy baholash” mavzusida O‘zbekiston – Koreya ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tadi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Koreyaning Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreyaga 2017 yil oliy darajadagi tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvga muvofiq, Koreya Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti JSTga kirishning iqtisodiy natijalarini o‘rganish bo‘yicha mamlakatimiz tomonidan hamkor sifatida belgilangan.

Anjuman davomida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini o‘rganishga oid tadqiqotlar natijasi muhokama qilinadi.

Seminarda mamlakatimizning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbariyati, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, shuningdek, tahlil markazlari xodimlari ishtirok etadi.

Koreya Respublikasining Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi sobiq doimiy vakili Syok Yong Choy, Savdo, sanoat va energetika vazirligi Xalqaro savdo masalalari boshqarmasi bosh direktori Sang Gil Chang, Xanyang universiteti professori Xong Yul Xan, Xanyang ayollar universiteti professori Syong Gyun Shin, Kyong Xi universiteti professori Bok Yong Pak, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi So Jin Kyo va bosh tadqiqotchi Kim Min Sun qatnashishi kutilmoqda. 

Koreya Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti 1989 yilda iqtisodiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha mamlakatdagi yetakchi hukumat instituti sifatida tashkil etilgan. Muassasaning asosiy vazifasi Koreya hukumatini jahon iqtisodiyoti sohasidagi eng muhim masalalar bo‘yicha axborot-tahliliy ma’lumotlar va maslahatlar bilan ta’minlashdir. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, mazkur institut dunyoning eng kuchli “fikr markazlari” reytingida Osiyoda 3-o‘rinni egalladi, jahonda esa 33-pog‘onada qayd etildi.

2 460
O‘zA