O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Toshkentda “LULU” kompaniyasining vakolatxonasi faoliyat yurita boshladi

Toshkentda “LULU” kompaniyasining vakolatxonasi faoliyat yurita boshladi

“O‘zbekiston eksportchilari” uyushmasi qoshida Birlashgan Arab Amirliklarining “LULU” kompaniyasining vakolatxonasi o‘z ishini boshladi.

Yillik tovar aylanmasi 6 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur yirik kompaniya bugungi kunda BAA, Malayziya, Hindiston kabi davlatlarda o‘z tarmog‘iga ega.

E’tiborli jihati, ayni kunda kompaniya O‘zbekistondan oyiga 35-40 million dollarlik qishloq xo‘jalik, tekstil, oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlarni sotib olishni boshladi.

– Rejaga muvofiq kelgusida bu ko‘rsatkichlar bir necha barobarga oshadi, – dedi “O‘zbekiston eksportchilari” uyushmasi raisi Muxtor Umarov. – Bu esa yurtimizdagi eksport jozibadorligiga ijobiy tasir qilishi kutilmoqda. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishida eksport salohiyatini oshirish muhim omillardan. Ushbu kompaniyaning poytaxtimizda o‘z ofisini ishga tushirishi mahsulotlarimizni BAA bozoriga olib kirishda yana bir qadam bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, 2019 yil 23 sentabr kuni mamlakatimizda “O‘zbekiston eksportchilari” uyushmasi tashkil etildi. Uyushmani tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsad mahalliy eksportchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, respublikada eksport uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarning yagona elektron savdo platformasini yaratish, chet el investorlarini jalb qilgan holda mamlakat eksport salohiyatini oshirish, yagona ichki va tashqi bozor marketing tadqiqot ma’lumotlar bazasini yaratish va ilg‘or eksport qiluvchi davlatlar tajribasini o‘rganishga ilmiy yondashgan holda amaliyotga tatbiq qilishga qaratilgan.

371
Nasiba ZIYoDULLAEVA, O‘zA