O‘zA O`zbek

19.07.2018 17:22 Chop etish versiyasi

Toshkentda ingliz va rus tillarida ma’ruza qilinuvchi masjid quriladi

Toshkentda ingliz va rus tillarida ma’ruza qilinuvchi masjid quriladi uza.uz  saytida O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Odil Ahmedov, Turon yakka kurashi bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi Nargiza Vahobxo‘jayeva hamda yana bir qancha aktyor va sportchilarning Toshkentda masjid qurish rejasi borligi haqida ma’lumot bergan edik.

Xabarda bu g‘oyani Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov qo‘llab quvvatlagani aytilgan edi.

Shuhrat Turdiqulov Nargiza Vahobxo‘jayevaga Toshkentning Sergeli tumanida masjid qurishni tavsiya etgan.

Muxbirimiz mazkur qurilajak masjid taqdiri bilan qiziqdi.

Nargiza Vahobxo‘jayevaning aytishicha, u hamon masjidning tashkiliy ishlari bilan band. Ya’ni hozircha masjid joyi aniqlanmagan. Nargiza Sergeli tumani hokimi bilan masjidga ajratilajak 40 sotix yerni borib ko‘rgan. Lekin Nargiza masjidni Toshkent markazida qurishni rejalashtirmoqda. Nima uchun aynan shunday ekanligini u quyidagicha izohladi:

“Avval, masjidni Sergeli tumanida qurishni ko‘zlagan edik. Keyinchalik, O‘zbekiston Musurmonlari idorasining masjidlar bilan ishlash bo‘limi bilan birgalikda poytaxt markazida qurishni maslahatlashdik. Masjid kichik bo‘lsa-da, u shahar markazida bo‘lgani ma’qul. Shuningdek, unda qorilar rus va ingliz tilida ham ma’ruza qila olishlari kerak. Maqsadimizda, shahrimizga kelgan mehmonlar uchun, markaziy mehmonxonalarga yaqin joyda masjid barpo qilish hamda sayyohlar uchun boshqa tillarda ham ma’ruzalar qilinishi ko‘zlangan.

Men aktyor Yoqub Ahmedov bilan birgalikda sportchi va aktyorlar homiyligida qurilajak masjidning tashkiliy ishlari bilan shug‘ullanyapman. Aktyor va sportchilar mendan ularning nomini oshkor etmasligimni iltimos qilishgan. To‘g‘risi, masjid qurilishi ovoza bo‘lgach meni ular juda ko‘p koyishdi. Hali bu ma’lumot uchun ham mendan o‘pkalashlari mumkin. Chunki bunday ishlar odatda ovoza qilinmaydi”, deydi Nargiza Vahobxo‘jayeva.

Anora Sodiqova, O‘zA
2 433