O‘zA O`zbek

21.09.2019 Chop etish versiyasi

Toshkentda dunyo madaniy anʼanalari va milliy taomlari namoyishi

Toshkentda dunyo madaniy anʼanalari va milliy taomlari namoyishi

Toshkentda 21-sentyabr kuni XVII Madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivali boʻlib oʻtdi. Mazkur anʼanaviy festival Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi diplomatik vakolatxonalarga xizmat koʻrsatish byurosi tomonidan SHHTning Oʻzbekistondagi xalq diplomatiyasi markazi koʻmagida tashkil etildi.

2000-yildan buyon muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan festival ishtirokchilari Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan turli davlatlarning elchixonalari va vakolatxonalari xodimlaridir. Ular anjuman davomida oʻz xalqlari sanʼati, hunarmandchiligi va boshqa anʼanalarini namoyish etuvchi madaniyat targʻibotchilari, turli millatlar milliy taomlarini taqdim etuvchi oshpazlar, qandolatchilar sifatida ishtirok etadi. Zero, elchilar, diplomatiya sohasida xizmat qiluvchi xodimlar faoliyatida xalqlar oʻrtasida madaniy aloqalarni kengaytirish, ijtimoiy yoʻnalishda faol ish olib borish juda muhimdir.

- Keyingi yillarda serquyosh yurtimiz, haqiqatan, xalqaro anjumanlar – festivallar, forumlar mamlakatiga aylandi, - deydi XVII Madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivalining tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Ozodbek Nazarbekov. – Bunday tadbirlar xalqlarni birlashtiradi, millatlararo totuvlikni kuchaytiradi.

Bu yilgi festival avvalgilaridan farqli ravishda ilk bor ochiq maydonda – poytaxtimizdagi Botanika bogʻida tashkil etildi. Buning oʻziga xos ramziy maʼnosi bor. Zero, anjuman bu gal “Tabiatni asraymiz” deb nomlandi.

Festivalni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad xorijiy davlatlar vakillarini mamlakatimizda bugungi kunda Oʻzbekistonning turistik salohiyatini yanada kuchaytirish va ilgari surish, xalqaro maydondagi imijini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlardan koʻproq xabardor etish, diplomatik vakolatxonalar xodimlarining namunali dam olishlarini tashkil etish, ularning bir-birlari bilan norasmiy, doʻstona muhitda muloqot qilishlari uchun sharoit yaratish, ishtirokchi va mehmonlarga dunyoning turli mamlakatlari madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini yaratishdan iboratdir.

Jonli ruh va koʻtarinki kayfiyat uygʻunligini oʻzida mujassam etgan festivalga ishtirokchilar, mehmonlar va aholi tomonidan qiziqish juda yuqori boʻldi. Odatga koʻra, diplomatik vakolatxonalar xodimlari milliy taomlarini bor oʻziga xosligi bilan taqdim qilish imkoniga ega boʻlishdi.

- Bu festivalda men bir necha bor qatnashganman, - deydi Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, Mustaqilligimizning 28 yillik bayrami arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan, davlatimizning yuksak mukofoti – “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan Vladimir Tyurdenev. – Koʻz oʻngimizda anjumanning saviyasi yildan yilga oʻsib boryapti. Ishtirokchi davlatlar, qatnashchilar soni, festivalga boʻlgan qiziqish tobora oshmoqda.

Taʼkidlash joiz, mazkur festival doimo oʻz oldiga xayriya maqsadlarini qoʻyadi. Yaʼni, anjumanda taqdim etilgan taomlar savdosidan tushgan mablagʻlar Toshkent shahridagi bolalar mehribonlik uylariga hadya qilinadi.

Tadbir davomida Oʻzbekistonning turistik salohiyatiga oid batafsil maʼlumotlar taqdimotiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bogʻ maydoni boʻylab mamlakatimizning barcha mintaqalari vakillari mehmonlarni oʻz hududlari tarixi, bebaho madaniy va meʼmoriy yodgorliklari, maʼnaviy merosi, anʼanalari, xalqimizning oʻziga xos yuzini aks ettiruvchi urf-odatlari, tabiiy boyliklari bilan tanishtirishdi, turli mintaqalarga xos milliy taomlarimiz namoyish etildi.

Festival mamlakatimiz madaniy hayotida muhim, sermazmun voqelik sifatida namoyon boʻldi. Anjuman poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga ishtirokchi davlatlar madaniyati, anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi, madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qildi.

Anjuman yakunida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislardan iborat hakamlar hayʼati bir qator nominatsiyalar boʻyicha milliy anʼanalarni yaqqol aks ettirgan koʻrgazmalar, namoyishlar, ijrolar, shuningdek, oʻziga xos taʼm, sifat, bezak koʻrsatkichlari bilan eʼtiborga tushgan taomlarni eʼtirof etishdi. Barcha ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

4 039
Gʻayrat XONNAZAROV, Farhod ABDURASULOV olgan suratlar, OʻzA