O‘zA O`zbek

05.06.2018 14:54 Chop etish versiyasi

Toshkentda atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan xalqaro ko‘rgazma ochildi

Toshkentda atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan xalqaro ko‘rgazma ochildi “O‘zekspomarkaz”da Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi doirasida “Chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari. Atrof-muhit muhofazasi. Energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi – GETCA 2018” ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ochildi.

Ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston, Fransiya, Germaniya, Italiya, Shveysariya, Daniya, Chexiya, Vengriya, Rossiya, Armaniston, Xitoy, Janubiy Koreya, Ukraina kabi 13 mamlakatdan 40 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.Qo‘chqorov va boshqalar jahondagi ekologik vaziyat jiddiy tus olayotgani barcha mamlakatlarni ekologik vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lida hamjihatlikka chorlashini ta’kidladi. O‘zbekiston tomonidan mintaqada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha ixtisoslashgan tashkiloti – YUNЕP, Yashil iqlim jamg‘armasi, Jahon banki bilan qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18 maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ekologik xavfsizlik va farovon sanitar turmush yo‘nalishida qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘rgazmada mintaqadagi mavjud ekologik vaziyatni xalqaro tashkilotlar, jahon hamjamiyati diqqat-e’tiboriga havola etish ko‘zlangan. Ko‘rgazma ekologik innovatsion yechimlarni namoyish qilish va atrof-muhitni muhofazalash yo‘nalishidagi muammolar, istiqboldagi vazifalar, eng yaxshi yondashuvlar va texnologiyalar haqidagi professional muloqot uchun yagona maydon sifatida taqdim etilmoqda. Ekspozitsiyada maishiy va ishlab chiqarish chiqindilarni qayta ishlashning barcha bosqichlari, tarmoq mahsulotlari va xizmatlar turlari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma ishtirokchilari uskuna, ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarini yig‘ish, taqsimlash, qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchilar hamda ekologiya va resurslarni tejash yo‘nalishida xizmatlar va mahsulotlarning to‘liq majmualarini taklif qiluvchi kompaniyalardir. Ushbu kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga birinchi marta kirib kelmoqda.

18.JPG

– Kompaniyamiz chiqindidan hosil bo‘ladigan gazlardan elektr energiyasi ishlab chiqaradi, – deydi “Sejin G&E Co” kompaniyasi direktori Kyong Yon Li (Janubiy Koreya). – Toshkent shahri va Toshkent viloyatida chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan yirik loyiha ustida ish olib boryapmiz. Loyihamizning qiymati 100 million AQSH dollari atrofida bo‘lib, uning quvvati poytaxtdan chiqadigan barcha chiqindilar va Toshkent viloyatining ma’lum qismidan chiqadigan chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega. Uni sentyabr oyida ishga tushirishni mo‘ljallayapmiz.

Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan ilg‘or texnologiyalar va uskunalar taklif etilmoqda.

10 (1).JPG

14.JPG

– Chiqindi solishga mo‘ljallangan konteynerlar bilan qatnashyapmiz. – deydi “TOSHKENT PLAST POLIMER” korxonasi direktori Habibulla Rasulov. – Hozirga qadar bunday mahsulotlar yurtimizga import qilingan bo‘lsa, endilikda konteynerlar qoliplari yurtimizda ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotimizga qiziqish yuqori. Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonga eksport qilyapmiz. Mahsulotimiz xorijdan keltirilgan shunday konteynerlardan ikki barobar arzon. Quyosh nuriga chidamli va egiluvchan.

Ko‘rgazma doirasida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda atrof-muhit holatini yaxshilash va mintaqani barqaror rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlaridagi dolzarb vazifalarni hal etishga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish, mamlakatlar iqtisodiyoti sektorlarini rivojlantirishga investitsiyalar va toza texnologiyalarni jalb qilish kabi masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Go‘zal Sattorova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 505