Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 14:34 Chop etish versiyasi

Toshkent yanada chiroy ochadi

Toshkent shahar hokimligida obodonlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, galdagi rejalarga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi.

Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisi Abduvohid Karimovning ta’kidlashicha, tizimdagi byudjetdan moliyalashtiriladigan 10 ixtisoslashtirilgan boshqarma hamda 3 xo‘jalik hisobidagi tashkilot tomonidan hududlarni muntazam tozalab turish, yashil zonalarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlar va mavsumiy gul ko‘chatlarini ekish, yo‘l va yo‘laklarni ta’mirlash, ko‘prik, tunnel, kanal, ochiq va yopiq kollektor hamda sun’iy suv havzalarini zamon talablari asosida saqlab turish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir.

Umumxalq bayramlari hamda yirik madaniy-ma’rifiy tadbirlar munosabati bilan markaziy ko‘chalar va maydonlarni bayramona bezatish ishlari bajarilmoqda. Bu yil ham Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va bayramni munosib o‘tkazish bo‘yicha boshqarmaning chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, maydon va ko‘chalarni bayramona bezash, hududlarda daraxt va gul ko‘chatlarini ekish va ishlov berish ishlari olib borilmoqda.

Toshkent shahrining ko‘kalamzorlashtirilgan hududi 7 ming 20 gektarni tashkil etadi. 2017 yilning yarmida hududlarda 44 mingdan ortiq daraxt va buta, 4 millionga yaqin gul ko‘chati ekildi. 91 mingdan ortiq daraxtga agrotexnik ishlov berildi. Dov-daraxtlar va gul ko‘chatlariga 652 tonna o‘g‘it solindi. 119 kanalda 350 kilometr, kichik suv shoxobchalarida 3 ming kilometrdan ko‘proq uzunlikda joriy tozalash ishlari olib borilmoqda.

2017-2018 yilning kuz-qish mavsumi uchun tuz-qum aralashmasini sepuvchi, qorni kurash moslamasiga ega maxsus avtotransport vositalari va qor yuklagichlar tayyorlanmoqda. Yo‘llar yaxmalagiga ishlov berish uchun 7 ming tonna qum va shuncha tuz zaxirasi hozirlandi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan bosh boshqarmada 6 kishidan iborat landshaft dizayn guruhi tashkil etilishi qayd etildi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining yarmida 11 tuman obodonlashtirish boshqarmasi hamda ixtisoslashtirilgan boshqarmalar jamoalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Tizimdagi ishchi-xodimlar tomonidan bildirilgan taklif va istaklar inobatga olinib, mavjud kamchiliklar bartaraf etildi.

Aholining soha bo‘yicha murojaatini qabul qilib, ularni hal etish maqsadida bosh boshqarma huzurida Fuqarolar qabulxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur qabulxonaga shu kungacha kelib tushgan 78 murojaatning barchasi ijobiy hal etildi. 55 murojaat bo‘yicha joylarga chiqib tushuntirish ishlari olib borildi.

Tadbir davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 438






Все о погоде - Pogoda.uz