O‘zA O`zbek

25.09.2020 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatidagi dala hovlilarni onlayn tarzda band qilish va ular uchun toʻlovni amalga oshirishi mumkin

Toshkent viloyatidagi dala hovlilarni onlayn tarzda band qilish va ular uchun toʻlovni amalga oshirishi mumkin

Yozning issiq kunida ham, qishning sovugʻida ham poytaxt aholisi Toshkent viloyatining dam olish maskanlariga borishni xush koʻradi. Ammo, qayerga borsam arzonroq, odamlar kamroq yoki qanday joylashaman, degan savol koʻpincha hammani qiynaydi.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi dam olish maskanlarini ijaraga olish toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlarning yangi xizmati – orom.uz yagona elektron platformasini ishga tushirdi.

Unda hududning eng mashhur va xushmanzara – Sijjak, Boʻstonliq, Yusufxona, Soyliq va Doʻstlik qoʻrgʻonlari koʻrsatilgan.

– Ijaraga beruvchilar orom.uz saytiga ijara obyektlari haqidagi maʼlumotlarni bepul joylashtiradi, –deydi Toshkent viloyati DSB boshligi oʻrinbosari Sulton Obidov. – Mijozlar dam olish obyektini masofadan turib tanlashi, band qilishi va ular uchun toʻlovni amalga oshirishi mumkin. Toʻlov amalga oshirilgandan soʻng, dam oluvchining elektron pochtasiga band qilinganlik haqida xabarnoma yuboriladi. Dam oluvchilar saytda roʻyxatdan oʻtib obyektlarni tanlashi va band qilishi, shuningdek, ularni turli mezonlar boʻyicha baholab, sharhlar qoldirishi mumkin.

photo_2020-09-25_10-28-35.jpg

Hozirda 3700 dan ortiq dam olish obyekti roʻyxatga olingan boʻlib, ularning qaysi band yoki boʻshligi dasturda aks etib turadi. Bunda yolgʻon va rostni ajratish juda oson.

Misol uchun, ularning mingtasi boʻsh boʻlsa, nazoratchilar tekshirishni shulardan boshlaydi. Soliqchi borganda, uyda dam oluvchilar boʻlsa va uy egasi buni bekitgan boʻlsa, javobgarlik masalasi koʻriladi.

Bu haqida Davlat soliq qoʻmitasi “Soliq idorasi – tadbirkorga koʻmakchi” mavzusida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumaniga tashkil etilgan press-turda maʼlum qilindi.

photo_2020-09-25_10-29-02.jpg

photo_2020-09-25_10-28-58.jpg

Qayd etish kerak, bu ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2020-yil 1-maydan 2021-yil 1-maygacha Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obyektlarini hisobga olish va soliq maʼmuriyatchiligining alohida tartibini joriy etish borasidagi vazifalar samarasi.

Unga koʻra, tajriba davrida jismoniy shaxslar ijaraga beradigan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibda qurilgan uy-joylar va yashash uchun moʻljallangan turar joylar, suv transporti, soʻri va shunga oʻxshash dam olish obyektlari jismoniy shaxslarning daromad manbai sifatida roʻyxatga olindi.

Hozirda Boʻstonliq tumanining Gʻazalkent shahri, Doʻstlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yigʻini hududlarida 4 ta soliq tayanch punkti tashkil etilgan. Ularda faoliyat yuritadigan xodimlar ushbu qarorda koʻrsatilgan va soliqqa tortiladigan koʻchar va koʻchmas mulk obyektlarini hisobga oladi.

Jismoniy shaxslar barcha dam olish obyektlarini maxsus guvohnoma asosida ijaraga bermoqda. Mazkur guvohnoma soliq organlarining tayanch punktlarida mulk egasiga bepul taqdim etildi.

– Tuman hududidagi 59 ta mahalla fuqarolar yigʻini 4 ta soliq tayanch punktiga taqsimlanib, 30 nafar soliq xodimiga biriktirildi, – deydi tuman DSI boshligʻi Zarif Zokirov. –Toshkent viloyati davlat soliq organlari xodimlaridan iborat 200 kishilik ishchi guruhi tuzilib, 16 ming 645 ta obyekt xatlovdan oʻtkazildi. Natijada 22-sentyabr holatiga dala hovli va ayrim mol-mulk obyektlarini ijaraga berib daromad olayotgan 4 ming 375 ta soliq toʻlovchi hisobga olindi. Ulardan 4,7 milliard soʻm miqdorida soliq undirildi.

Shundan, Yagona elektron platformada 3 ming 744 ta ijarachi roʻyxatga olinib, 3 milliard soʻm daromad soligʻi undirildi. Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 1 ming 282 ta ijarachi 1197,3 million soʻm toʻlagan. Farq deyarli 3 baravar.

Press-turda OAV vakillari tumandagi bir qator dam olish maskanlarida boʻlib, yangi tizimni afzalliklari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishdilar.

6 357
Sayyora SHOYEVA, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA