O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatida so‘nggi 5 yilda 9 ming nafar xotin-qizga imtiyozli kredit ajratildi

Toshkent viloyatida so‘nggi 5 yilda 9 ming nafar xotin-qizga imtiyozli kredit ajratildi

Oilalarning har jihatdan mustahkamligi mamlakatning qudratini belgilovchi omillardan biridir. Shu bois har qanday jamiyatda, har bir davrda oilalar farovonligini ta’minlash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinadi.

Yurtimizda avvalo inson manfaatlarini ko‘zlab, oilalar xotirjamligi, iqtisodiy barqarorligi uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va ularning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash borasida qator qonunlar va qonunosti hujjatlar qabul qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishdir.

Keng imkoniyatlar hamda qulay sharoitlar tufayli oilaviy biznes bilan shug‘ullanayotganlar safi kengayib bormoqda. Xususan, hozirda Toshkent viloyatida 1 ming 314 nafar oilaviy tadbirkor ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritmoqda. Ularda 1 ming 628 yurtdoshimiz mehnat qilayapti, oilasini tebratyapti. Ishchilarning aksariyatini tadbirkorning oila a’zolari va qarindoshlari tashkil etadi. Bu daromadning ortishiga va oila farovonligiga xizmat qilmoqda.

Toshkent viloyati soliq boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan joriy yil davomida 5,3 milliard so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlar amalga oshirildi.

Oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga qator soliq imtiyozlari joriy etilgan. Jumladan, Soliq Kodeksining tegishli moddalariga asosan, jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan unda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, mol-mulk va yer solig‘i jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi. Bundan tashqari, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari tomonidan yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan keyingi oydan boshlab amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Qolaversa, yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklida faoliyatni amalga oshirishda oilaviy tadbirkorlik sub’ekti nomidan ish ko‘radigan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosigina qat’iy belgilangan soliqni to‘lovchi bo‘ladi.

Shuningdek, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlash uchun ko‘pi bilan beshta shogirdini jalb etishga haqlidir.

Shu o‘rinda oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, xonadonda qoramol va parrandachilikni rivojlantirish, issiqxona tashkil etish istagini bildirganlarning mingdan ortig‘iga imtiyozli kreditlar ajratildi. O‘tgan davr mobaynida oilalar turmush tarzi, muammolarini o‘rganish maqsadida respublika hamda viloyat ishchi guruhlari tomonidan o‘tkazilgan muloqotlar natijasida nogironligi bo‘lgan, shu jumladan, ijtimoiy ahvoli juda og‘ir, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning bandiligi ta’minlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent viloyatida so‘nggi 5 yilda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 9 ming nafardan ortiq xotin-qizga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi.

3 176
Barno Meliqulova, O‘zA