O‘zA O`zbek

22.02.2019 16:32 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatida oʻtkazilgan “Diqqat, temir yoʻl!” tadbirida 174 haydovchiga chora koʻrildi

Toshkent viloyatida oʻtkazilgan “Diqqat, temir yoʻl!” tadbirida 174 haydovchiga chora koʻrildi

Toshkent viloyati YHXB xodimlari hududdagi temir yoʻl kesishmalariga yaqin joylashgan 18 korxona-tashkilot, 21 oʻquv muassasasi va 26 mahallada profilaktik suhbatlar oʻtkazib, temir yoʻl kesishmasidan oʻtish qoidalari boʻyicha tushuntirishlar berdi.

Bundan tashqari, 47 temir yoʻl kesishmasiga 80 YPX xodimi biriktirilib, temir yoʻl kesishmasidan elektropoyezdlarning oʻtish vaqtida harakat xavfsizligini taʼminlash ishlari olib borildi.

Tadbir davomida, birgina 20 fevral kunida temir yoʻl kesishmasidan oʻtish qoidasini buzgan 174 haydovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shuningdek, temir yoʻl kesishmalarida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi va tegishli boshqarmalar bilan hamkorlikda ishlar tashkil qilindi. Misol uchun, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Harbiylashtirilgan qoʻriqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda video kuzatuv kameralari yordamida temir yoʻl kesishmalaridan oʻtish qoidalarini buzib harakatlangan transport vositalari haydovchilariga nisbatan choralar koʻrildi.

Jumladan, “Neksiya” rusumli davlat raqam belgisi 10 C 556 QA boʻlgan haydovchi oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, yopiq turgan shlagbaumdan qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib harakatlangani, qolaversa “Matiz” rusumli davlat raqam belgisi 10 S 437 QA boʻlgan haydovchi kesishmaning taqiqlovchi qizil chirogʻida harakatini davom ettirgan.

Oʻz navbatida, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan 174 nafar haydovchiga nisbatan MJTKning 130-moddasi 1-qismiga asosan eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida, yaʼni 606 ming 190 soʻm, jami 105 million 825 ming 60 soʻm miqdorida jarima belgilandi.

OʻzA
621