Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.01.2018 13:06 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatida noqonuniy qum-shag‘al qazish bilan shug‘ullangan shaxslar javobgarlikka tortildi

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda daryolar o‘zani, ko‘llar, kanal va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari ko‘rinishida qum-shag‘al nazoratsiz qazib olinishi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi xavfi ortishiga sabab bo‘layotir.

Toshkent viloyatida 2017-yilda o‘zan tozalash va qum-shag‘al aralashmasini qazib olish bilan shug‘ullanuvchi 89 korxonaning 48 tasi ekologik loyihalarni o‘z vaqtida bajarmagani, noqonuniy faoliyat yuritayotgani aniqlangan. Hududdagi daryo va suv havzalari o‘zanini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari bajarilmayotgan 19 holat bo‘yicha mas’ul shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular 4 million 500 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

– Boshqarmamiz tomonidan Yuqori Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv daryosi va Qizilsoy soylarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida o‘zan tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi korxonalar umuman faoliyat ko‘rsatmayotgani aniqlandi, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish bo‘limi mutaxassisi Abdug‘ani Bo‘ronov. – Mazkur holat bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan “Qorasuv santexbaza”, “CREATE BUILD”, “STONE FIELD” hamda “KENES” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari uchun ajratilgan yer maydonlariga oid qarorlar bekor qilindi. O‘tkazilgan reydlar natijasida huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortildi. Bunday salbiy holatlar Bekobod shahri, Piskent, Bo‘ka, Parkent, Oqqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida ham kuzatildi. Daryo va soylar o‘zanini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari toshqin suvlari, sel oqimlarining oldini olish maqsadida amalga oshirilishini alohida e’tiborga olish zarur.

Angren shahridagi daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustaxkamlash ishiga mas’ul bo‘lgan “Angren qum shag‘al invest”, “Do‘stlik ramzi”, “Angren Istiqlol” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ham o‘tgan vaqt davomida o‘z vazifasini bajarmagan. Hududda o‘tkazilgan tezkor tekshirishlar davomida xuquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan 3 nafar shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.

Chirchiq daryosining Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida fuqarolar O.Ahmedov hamda A.Ergashev belgilanmagan joydan noqonuniy tarzda qum yuklab, olib ketayotgani aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha qoidabuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, jarimaga tortildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
9 533