Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.11.2017 16:43 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatida 516 kilometr xalqaro ahamiyatdagi avtomagistral hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash belgilangan

Mamlakatimizda viloyat va tumanlar markazini bog‘lovchi keng tarmoqli hamda davlatlararo xavfsiz transport tashuvlarini ta’minlashga qaratilgan yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 14-fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Joriy yilda Toshkent viloyatida 516 kilometr xalqaro ahamiyatdagi avtomagistral hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash belgilangan.

Toshkent tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi hududdagi 121 kilometr avtomobil yo‘llariga xizmat ko‘rsatadi. Korxona tomonidan belgilangan rejaga ko‘ra, yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Qish mavsumi oldidan joylarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda avtomobil yo‘llarining nosoz holatga kelishi, qishda sirpanchiq paydo bo‘lishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.

– Tumandagi 19 mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi 12 kilometrdan ortiq yo‘lda mahalliy byudjet hisobidan ta’mirlash ishlari bajarildi, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Sh.Yusupov. – Bundan tashqari, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Ko‘kterak”, “Xiyobon”, “Mustaqillik”, “Oydin hayot” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi Oybek, Bog‘zor, Iqtidor, Navro‘z ko‘chalarining 7 kilometri ta’mirlandi.

Ohanganron tumanida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Tumandagi “Yalpoqtepa”, “No‘g‘oyqo‘rg‘on”, "Aqchasoy" mahalla fuqarolar yig‘inlari yo‘llarini ta’mirlashga 167 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. 10 dan ortiq mahalladagi ichki yo‘llarda loyiha qiymati 915 million so‘mlik asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining tuman hududidan o‘tuvchi 42 kilometr masofadagi qismida joriy ta’mirlash ishlari jadal davom etmoqda. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, viloyat hokimligi hamkorligida tuman va shaharlarda olib borilayotgan joriy ta’mirlash ishlari Respublika yo‘l jamg‘armasi hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.

Viloyatda bu yo‘nalishda kelgusi yilda ham istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Yo‘l xo‘jaligi sohasining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yuksak ahamiyatga ega ekani uning muhim xususiyatidir. Iqtisodiyotning umumiy rivoji va aholi barcha qatlamlarining hayot sifati ayni shu tizimning samarali faoliyat ko‘rsatishiga bog‘liq.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 151






Все о погоде - Pogoda.uz