Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 21:25 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatida 40 ming 617 xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi

Toshkent viloyatida 40 ming 617 xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan qish mavsumiga tayyorgarlik, aholini elektr energiyasi va issiqlik, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir va ko‘mir briketi bilan ta’minlash, qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar sektorlar tizimida o‘rganildi.

Prezidentimizning joriy yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Viloyatda 40 ming 617 xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Ayni paytda mavjud 60 ming 958 gaz ballonining 40 ming 649 tasi qish mavsumiga zaxira qilingan. Suyultirilgan gaz ballonlarini aholiga yetkazib berish bo‘yicha viloyatda 33 avtomashina jalb qilindi. Joriy yil uchun 20 ming 860 gaz balloni Chirchiq shahrida joylashgan “O‘zbekkimyomash” zavodidan xarid qilindi.

Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlarining olis va tog‘li hududlarida va Angren shahrida joylashgan 13 ming 971 xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga suyultirilgan gaz ballonlari va 86 gaz plitasi bepul berildi.

12.JPG

– Respublika ishchi guruhi a’zolari uyimizga kelib, yashash sharoitimiz bilan tanishgani va hol so‘raganiga hali ham ishongimiz kelmayapti, – deydi Ohangaron tumani "Chetsuv" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Robiya Guzarova. – Bunaqasi ilgari sira bo‘lmagan-da. Buning ustiga shunchaki hol so‘rab qo‘yishmadi, oilaviy sharoitimizni yaxshilash uchun yangi gaz plitasi va balloni sovg‘a qilishdi. Mahallamiz tog‘li hududda joylashgani uchun suyultirilgan gazdan foydalanishga majburmiz. Gaz ta’minoti xodimlari har oy ballonlarni to‘ldirib berishadi.

Joriy qish mavsumi uchun viloyatda 114 ming 500 tonna ko‘mirga ehtiyoj mavjud. Hozirga qadar aholiga 20 ming 919 tonna, ijtimoiy soha obyektlariga 6 ming 897 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Viloyatga noyabr oyida 1 ming 201 tonna ko‘mir keltirib, tarqatildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Qish mavsumi davomida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash ham eng ustuvor vazifalardan. Bu borada viloyatda bir qator ishlar amalga oshirildi. Mavjud 6 ming 188 transformatorning texnik holati mutaxassislar tomonidan doimiy nazorat qilinib, zarurat tug‘ilganda ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Ishchi guruhi o‘rganishlari davomida joylarda 8 yangi transformator o‘rnatilib, 4 kilometrga yaqin masofaga elektr tarmog‘i tortildi. 1 milliard 235 million so‘mlik elektr asbob-uskunalari va jihozlari zaxirasi yaratildi.

Joriy yilning oktabr-noyabr oylarida viloyat bo‘yicha 375 noqonuniy chiqindixonalar aniqlanib, ularni bartaraf etishga 250 maxsus texnika va 510 nafar ishchi jalb etildi. Buning natijasida 11 tonnadan ortiq chiqindi belgilangan joyga olib chiqib ketildi.

Aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi borasida olib borilayotgan ishlar tufayli joriy yilda viloyatda 53,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i mukammal, 212,2 kilometri joriy ta’mirlandi. Ushbu sa’y-harakatlarni davom ettirish maqsadida 2018-yilgi rejaga ko‘ra, Toshkent viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi mablag‘lari hisobidan hududda 58 kilometr suv quvurlari mukammal va 200 kilometri joriy ta’mirlanadi. Bu borada Qibray, Zangiota, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlari qishloqlaridagi suv inshootlari va quvurlarini rekonstruksiya qilish uchun zarur mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan.

2017-2018-yillarda Chinoz shaharchasida joylashgan 68 ko‘p qavatli uylarning oqova tizimini qurish belgilangan bo‘lib, buning natijasida 36 mingdan ortiq aholining oqova xizmatidan foydalanishiga erishiladi. Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq, Bekobod tumanlarining ayrim olis va tog‘li hududlaridagi qishloqlarning ichimlik suvi ta’minoti buloqlar orqali amalga oshiriladi. Bekobod tumanining “Qiyot” qishloq fuqrolar yig‘ini, “Nayman” va “Uyas” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ta’mirtalab bo‘lib qolgan ichimlik suvi inshootlari joriy ta’mirdan chiqarilib, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Viloyatda ko‘p qavatli uy-joylarni mavsumga tayyorlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, Bekobod shahri “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Metallurg-madad” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 8 ko‘p qavatli uydagi 234 xonadonda 750 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Uylarning tom qismi ta’mirdan chiqarilgan, yerto‘lasidagi eski quvurlar yangisiga to‘liq almashtirilgan, uylarga raqamli zamonaviy eshiklar o‘rnatilib, kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Bu esa hududda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Uylar atrofida zamonaviy bolalar maydonchalari qurilgan.

Biroq, hudud aholisini qiynab kelayotgan muammolar ichida uylardagi issiqlik tizimi ishlamasligidir. Achinarlisi, bunday holat nafaqat ushbu shirkatga qarashli hududda, balki butun Bekobod shahri aholisining qish mavsumidagi muammosi.

Prezidentimiz joriy yil 18-avgustda Bekobod shahriga tashrifi davomida barcha sohalar bilan tanishish qatori aholini qiynab kelayotgan bu masalaga ham alohida to‘xtalgan edi. Shahar hokimligi tashabbusi bilan Navoiy viloyatidagi “Ariston thermo – UTG” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonada ishlab chiqarilayotgan gaz isitish qozonlarini lizing asosida uylarga o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. Ayni paytda hududdagi 21 ko‘p qavatli uylardagi aholi xonadonlariga gaz isitish qozonlari o‘rnatildi. Bu loyiha 2018-yilda ham davom ettiriladi.

– Xonadonimizga gaz isitish qozonini 3 yil muddatga kredit asosida o‘rnatdik, – deydi “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Elgiza Abdullayeva. – Ilgari qo‘lbola isitish asboblarini o‘rnatib, ko‘chaga yoki ishga ketganimda xayolim doim uyda bo‘lar edi. Zamonaviy texnologiyani o‘rnatgach, uning qulayligi, xavfsizligi bizga juda ma’qul bo‘ldi. Xonadonlarimizdagi barcha xonalar harorati bir maromda issiq.

Qish-bahor oylarida aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash hamda bozorda narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olish mavsumga hozirlikning eng dolzarb masalalaridan biridir. Bu yil viloyat bozorlarida 41,3 million so‘mlik noqonuniy savdoga qo‘yilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari musodara qilinib, aholiga arzon narxlarda sotilmoqda. Zaxiraga mahsulot jamg‘arish ishlari shu kunlarda ham qizg‘in davom etmoqda.

Ishchi guruh mahsulotlarni yetkazib berish, saqlash, dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etish masalalari bilan ham tanishdi.

Viloyatda qisqa muddatli o‘rganish davomida mahallalarda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Ohangaron tumani markazidan 90-95 kilometr uzoqlikda joylashgan “Chetsuv”, “Chinor”, “Ko‘ksaroy” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 1 ming 225 xonadonning har biriga qish mavsumi uchun 3 tonnadan ko‘mir tarqatildi. Tuman hokimi tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, nogiron va bemorlari bor 30 dan ortiq oilaga moddiy yordam ko‘rsatilib, oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachasi va dori-darmon berildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatida qish mavsumiga tayyorgarlik holatining kompleks o‘rganilgani joylarda mavjud vaziyatni aniqlash va kamchiliklarni bartaraf etish imkonini berdi. Bu yurtdoshlarimizning davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Abdulaziz Musayev, Oqil G'olomov (surat), O‘zA
7 802