O‘zA O`zbek

03.08.2018 13:01 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatida 2017-yilda 43 fuqaro odam savdosidan jabr ko‘rgan

Toshkent viloyatida 2017-yilda 43 fuqaro odam savdosidan jabr ko‘rgan
Joriy yil bu ko‘rsatkich sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa-da, yakunlangan yarim yillikda ushbu savdo bilan bog‘liq 5 holat aniqlangan.

Qibray tumanida bo‘lib o‘tgan “Odam savdosi – davr muammosi” mavzusidagi davra suhbatida viloyatda ushbu illatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar va galdagi vazifalar tahlil qilindi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan muloqotda Ichki ishlar vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi mas’ullari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, posbonlar ishtirok etdi.

Olib borilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari natijasida joriy yil bu ko‘rsatkich sezilarli darajada kamayib, yakunlangan yarim yillikda ushbu savdo bilan bog‘liq 5 holat aniqlangan. Ammo Angren shahrida bu boradagi holat salbiyligicha qolmoqda. Xususan, viloyatdagi umumiy holatning 40 foizi, ya’ni odam savdosi bilan bog‘liq 2 holat mazkur shaharda qayd etilgan.

Odam savdosining oldini olishda 2008-yil 17-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida“gi qonuni muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Tadbirda mazkur illatga qarshi kurashish samaradorligini oshirish uchun avvalo, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish lozimligi, bu borada mahallalardagi targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish, ushbu jarayonga mahalla faollarini keng jalb etishga kelishib olindi.

A.Xudoyqulov, O‘zA
2 263