O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyati paxtakorlari ham marrani zabt etdi

Toshkent viloyati paxtakorlari ham marrani zabt etdi

Toshkent viloyati paxtakorlari qariyb 220 ming tonnalik ulkan xirmon bunyod etib, davlatga paxta sotish rejasini ortig‘i bilan bajardi.

Joriy mavsum viloyatda 73 ming gektarda g‘o‘zaning serhosil, mahalliy iqlimga mos navlari parvarishlanib, mo‘l hosil yetishtirildi. Hududning o‘ziga xos geografik iqlim sharoitidan kelib chiqib, yig‘im-terim mavsumi boshqa hududlarga nisbatan kechroq boshlangan bo‘lsa-da, paxtakorlar tomonidan belgilangan marra zabt etildi.

Bu borada ayniqsa, Chinoz, Quyi Chirchiq, Piskent va O‘rta Chirchiq tumani paxtakorlari yuqori hosildorlikka erishib, belgilangan rejani ortig‘i bilan bajargani qo‘l keldi.

Jumladan, chinozlik paxtakorlar joriy mavsum 18 ming 600 tonna paxta topshirish majburiyati olib, amalda qabul punktlariga qariyb 21 ming tonna paxta topshirdi. Quyi Chirchiq tumani mirishkorlari esa 27 ming tonna o‘rniga qariyb 30 ming tonna paxta topshirib, belgilangan rejani 10 foiz ortig‘i bilan uddaladi.

8 ming 100 gektardan ortiq maydonga chigit qadab, mo‘l hosil yetishtirgan piskentlik paxtakorlar ham peshqadamlar qatoridan o‘rin oldi. Ayni paytga qadar piskentliklar qabul punktlariga 23 ming 400 tonna o‘rniga 25 ming tonnadan ortiq paxta topshirdi. Shuningdek, 26 ming 100 tonna paxta topshirish majburiyatini olgan O‘rta Chirchiq tumani paxtakorlari ham rejani 6 foiz ortig‘i bilan bajarib, viloyat bo‘yicha paxta rejasi bajarilishiga munosib hissa qo‘shdi.

608
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA