O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent va Anqara oʻrtasida “Birodarlashuv aloqalarini oʻrnatganlik haqida” memorandum imzolandi

Toshkent va Anqara oʻrtasida “Birodarlashuv aloqalarini oʻrnatganlik haqida” memorandum imzolandi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Anqara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Oʻzaro muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi deya yozmoqda Toshkent shahar hokimligi rasmiy sayti.

Toshkent shahar hokimi oxirgi 3 yilda Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi davr kuzatilayotganligini qayd etdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davomida 30dan ortiq loyihalarni amalga oshirish borasida 3,5 milliard dollar hajmidagi bitimlar imzolanganligi hamda hozirda qator sohalardagi aloqalarimiz rivojlanib borayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Anqara shahri hokimi Toshkent shahar hokimi va hokimlik vakillariga samimiy va doʻstona mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat va ikki shahar oʻrtasidagi munosabatlarning taraqqiy etishi oʻzaro manfaatli ekanligini aytib oʻtdi. Savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotganga eʼtibor qaratib, hozirda Oʻzbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani, oʻzaro savdo aylanmasi 2 mlrd. AQSH dollariga yetganligini aytib oʻtdi.

16-sentyabr Toshkent va Anqara munosabatlari tarixida unutilmas kun sifatida muhrlandi. Ikki shahar hokimlari qardoshlik, oʻzaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pogʻonaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat “Birodarlashuv aloqalarini oʻrnatganlik haqida”gi memorandumni imzolashdi.

Toshkent shahar hokimi bu hujjat azaldan doʻst va hamfikr boʻlgan ikki davlat, ikki shahar oʻrtasidagi aloqalar istiqbolida nihoyatda ahamiyatli ekanligini, iqtisodiyot, sanoat, shaharsozlik, sanʼat, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Mansur Yavash ayni paytda Anqarada Oʻzbekiston nomli 3 ta, Toshkent deb yuritiluvchi 12 ta, Samarqand nomli 8 ta va Buxoro deb ataluvchi 11 ta koʻcha borligini aytib, oʻzaro doʻstlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi koʻchalarning birini Anqara deb nomlashni taklif etdi. Shuningdek, hamkorlikka oid boshqa takliflarni bildirdi.

Anqara shahar hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari shahrimizning diqqatga sazovor joylarida boʻlib, poytaxtimiz tarixi, taraqqiyoti va bugungi kuni bilan tanishishdi.

2 066
OʻzA