O‘zA O`zbek

05.09.2018 20:34 Chop etish versiyasi

Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filialida oʻqish boshlandi

Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filialida oʻqish boshlandi Prezidentimizning 2018 yil 4 iyundagi “2018/2019 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida”gi qarori asosida Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filialiga oʻqishga qabul qayta tiklanib, 130 nafar yigit-qiz joriy yilda talabalik baxtiga muyassar boʻldi.

Mazkur filialda yangi oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbir va “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostidagi “Mustaqillik darslari” yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda mamlakatimizda tibbiyot sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, bu borada hududlar ehtiyojini taʼminlash borasidagi ishlar xususida soʻz yuritildi. Darhaqiqat, filialda oʻqishga qabul qilishning qayta tiklangani vodiy viloyatlari yoshlari uchun katta imkoniyat yaratdi.

Mazkur taʼlim dargohi uchun ajratilgan binoda 5 milliard soʻmlik qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilib, oʻquv binolari va jihozlari yangilandi. Oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, badiiy adabiyotlarni jamlagan axborot-resurs markazi, kompyuter xonalari tashkil etildi. Zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan taʼminlandi. Belgilangan barcha yumushlar oʻz muddatida bajarilishi natijasida 2018-2019 oʻquv yili uchun tibbiy taʼlim, tibbiy pedagogika va oliy hamshiralik fakultetlariga 130 nafar talaba qabul qilindi. Yangi oʻquv yilidan boshlab bu yerda 500 dan ziyod talabaga 9 nafar fan doktori, 34 fan nomzodi va malakali oʻqituvchi-murabbiylar saboq beradi.

– Viloyat hokimligining koʻmagi bilan keyingi bosqichda 9 milliard 100 million soʻmlik kapital rekonstruksiya, jihozlash ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filiali direktori Gʻofirjon Sultonov. – Hozirgi kunda filialimiz tomonidan Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya singari mamlakatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi “Mustaqillik darslari” Tojikistondan tashrif buyurgan bir guruh olimlar, viloyatimizdagi professor-oʻqituvchilar ishtirokida oʻtkazilib, unda talaba-yoshlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi, tibbiyot sohasida erishilayotgan yutuqlar alohida taʼkidlandi.

Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) OʻzA
3 632