O‘zA O`zbek

20.08.2018 19:02 Chop etish versiyasi

Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish bo‘yicha ishlarni olib borish to‘xtatiladi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 17 avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda barcha hududlarni kompleks rivojlantirishga, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal qilishga qodir mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda.

Bundan tezkor rivojlanayotgan poytaxtimiz ham mustasno emas. Zero, Toshkent shahrida ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganish iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, ijtimoiy sohani takomillashtirish, aholining eng muhim muammolarini tezkor hal qilishni davrning o‘zi talab etayotir.

Farmonda belgilanishicha, poytaxt va uning tarkibiga kiruvchi tumanlar hokimliklari boshqaruvi apparatlari negizida xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan byudjet doirasida Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi Kanallarni saqlash, foydalanish va ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashgan boshqarma negizida Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tashkil etilishi bu boradagi ishlarni tizimlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Poytaxt hududida joylashgan kanallar va ulardagi inshootlarni saqlash bo‘yicha yagona texnika siyosatini olib borish imkoniyati yaratilib, suv xo‘jaligi inshootlarining tegishli sanitar holati va texnik ishonchliligini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Kanallarni sanitar tozalashni kompleks va tubdan yaxshilash, kanallarga tutash hududlarni sanitar, ekologik me’yor va qoidalarga muvofiq obodonlashtirish aholi salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega.

Shahar transportini tartibga solish va rivojlantirishning samarali mexanizmlarini tashkil etish, boshqarish, ishlab chiqish va qo‘llash tizimini takomillashtirish, transport va yo‘l-transport infratuzilmasi, shuningdek, avtomobil to‘xtash joylarini rivojlantirish sohasida shahar dasturlarini ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtiradigan Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi. Bu shahar yo‘lovchi transporti faoliyat yuritishining ishonchliligi, xavfsizligi va qulayligini oshiradi.

Endilikda doimiy asosda faoliyat yurituvchi xalq deputatlari Kengashi kotibiyati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan deputatlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, hokimlar va davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini tizimli va tanqidiy tahlil qilish bo‘yicha xalq deputatlari Kengashining ishlarini yanada kuchaytirish choralari ko‘riladi. Bu bizning zimmamizdagi mas’uliyatni ham yanada oshiradi.

Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangungacha, poytaxtni arxitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangungacha shaharning eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish bo‘yicha ishlarni olib borish to‘xtatiladi. Bu ham aholi tinchligini ta’minlash bilan birga, maqsadli dastur asosida uzoq yillar fuqarolarimiz uchun xizmat qiladigan muhim qurilish obyektlarini tizimli qurishni tashkil etishda ahamiyatlidir.

Bu kabi sa’y-harakatlar ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishda kompleks yondashuv hamda hokimlar va ular o‘rinbosarlarining davlat boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari bilan yaqin o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Shuningdek, kelgusida tadbirkorlik subyektlari faoliyati yanada kengayadi. Deputatlik va jamoatchilik nazorati mexanizmlarining tizimli ishlashi ta’minlanadi.

Islohotlarning barchasi inson uchun, uning manfaatlari uchun degan tamoyil ayni farmon asosida amalga oshiriladigan ishlarda ham o‘z ifodasini topadi.

Ravshan Yusupov,
Yunusobod tumanidagi
"Mirzo Ulug‘bek“ MFY raisi,
xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.

O‘zA
2 277