Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 17:32 Chop etish versiyasi

Toshkent shahridagi oilaviy ajrimlarning sababi nimada?

Mamlakatimizda oilaviy ajrimlarning oldini olish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. «Mahalla» xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limi bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilda poytaxtimizda uch mingga yaqin oilaviy ajrimlar qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2017- yilga kelib mingtaga kamaygan.

Toshkent shahridagi 505 mahalla fuqarolar yigini huzurida tashkil etilgan yarashtirish komissiyalarining sa’y-harakati bilan o‘tgan yilda 907 ta oilaviy ajrimlar oldi olindi.

Oilaviy ajrimlar tahlil etilganda, yetishmovchilik, oilani boqa olmaslik emas! Ularning aksariyati o‘ziga to‘q, boyligi o‘ziga yetarli xonadonlarda yuz berayotgani ayon bo‘lmoqda. Ularning ba’zilarida o‘ta arzimas, aytishga, bahona qilishga tiling bormaydigan vajlar ekanligi g‘oyat achinarli holat. Misol uchun, “kelinning sepi munosib kelmaganmish”, “kelinning otasi kuyovga yaxshi yordam bermasmish...”, “kuyoviga mashina sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan qaynota o‘z va’dasida turmabdi”, qaynonalarning o‘ta talabchanligi, qaynona-kelin mojarosi aksariyat ajrimlarda esa Toshkent shahrida doimiy ro‘yxat o‘tish masalalari, yoshlarning ortiqcha xoyu-havasga hirs qo‘yishi, yoki ular o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbat va hurmatning yo‘qolganligi kabi qator omillar sabab bo‘layotgani aniqlandi.

Shuni unutmaslik kerakki bitta ajrim – jamiyatda bitta kemtik yuzaga keldi, degani. Begunoh norasidalar ota yo onasiz voyaga yetadi, degani. Qolaversa, ota yoki onasiz o‘sgan farzandning har jihatdan barkamol ulg‘ayishiga ham kafolat yo‘qki, buning salbiy oqibatlarini, ko‘plab huquqbuzar va jinoyatchilar odatda ajrashgan oilalardan yetishib chiqqanini kundalik hayotda ko‘rib, kuzatib turibmiz.

Xalqimiz orasida jahl chiqqanda, aql qochadi, degan naql yuradi. Ana o‘sha jahlni aqlga bo‘ysundira olgan inson, chinakam baxtlidir. Nima bo‘lganda ham bir dasturxon atrofida, ota-ona, farzandlar taftini his etib, bir butun oila bo‘lib yashashga nima yetsin.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
6 764