O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent shahridagi atmosfera holatini aniqlab bo‘lmaydi

Toshkent shahridagi atmosfera holatini aniqlab bo‘lmaydi

Bugun, Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan Press-kofe anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent shahri atmosfera ifloslanganligi darajasi bo‘yicha berilgan savollarga javob berdi.

Qo‘mita vakili Umidjon Abdujalilovning fikricha, Toshkent shahridagi atmosferani birgina qurilma orqali aniqlash to‘g‘ri natija bermaydi. 
“Airvisual.com sayti tomonidan aniqlanayotgan Toshkent shahridagi atmosfera buzilganligi haqidagi ma’lumotlar o‘tgan yili noyabr oyidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasida 2018 yil iyun oyida havoni ifloslanganligi ko‘rsatkichlarini aniqlaydigan qurilma o‘rnatildi. 

O‘zbekiston gidrometeorologiya markazi ham 65 ta nuqtada bu singari qurilmalarni o‘rnatgan. Ushbu qurilmalarning 13 tasi Toshkent shahrida.

Markaz tomonidan bu qurilmalar orqali har kuni 3 marotaba namunalar olinadi. To‘g‘ri, ayrim nuqtalarda o‘rnatilgan qurilmalar ko‘rsatkichlari me’yorlarga nisbatan yuqori.

Masalan, Toshkent shahrida ham. Chunki Toshkent shahrida juda ko‘p qurilish korxonalari ish olib bormoqda. Shu sababli Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasida o‘rnatilgan qurilma ifloslanish darajasini baland ko‘rsatmoqda.

“The World Air Quality Index” natijalariga ko‘ra Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu qurilma natijalari asosida Toshkent shahridagi havoga baho berish mumkin, degan fikrni ilgari surmoqda. 

Biroq, Toshkent shahridagi atmosfera holatini birgina qurilma bilan aniqlab bo‘lmaydi. Agar haqiqatdan ham shu ko‘rsatkich to‘g‘ri bo‘lganida, Toshkent shahrida kasalliklar soni juda ko‘p bo‘lishi kerak edi”, deydi Umidjon Abdujalilov.

630
O‘zA