O‘zA O`zbek

06.09.2018 11:12 Chop etish versiyasi

Toshkent shahridagi 7 ta bozor rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Toshkent shahridagi 7 ta bozor rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

“Bek toʻpi savdo kompleksi”, “Chorsu buyum savdo kompleksi”, “Chilonzor buyum savdo kompleksi”, “Oʻrikzor savdo kompleksi” AJ bozorlari, “Eski Juva dehqon bozori”, “Yunusobod dehqon bozori” va “Sergeli avtotransport va ehtiyot qismlari bozori” dehqon bozorlari mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.

Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahar Savdo departamenti, xizmatlar koʻrsatish va xalq isteʼmoli tovarlarini ishlab chiqarish sohasidagi korxonlar va “Bek toʻpi savdo kompleksi”, “Chorsu buyum savdo kompleksi”, “Chilonzor buyum savdo kompleksi”, “Oʻrikzor savdo kompleksi” AJ bozorlari, “Eski Juva dehqon bozori”, “Yunusobod dehqon bozori” va “Sergeli avtotransport va ehtiyot qismlari bozori” dehqon bozorlari mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi tergov qilinmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi maʼlum qildi.

2018 yil 23 avgust kuni internet tarmogʻining qator saytlarida piyoz chirishi holati yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahridagi bozorlarning 11 dan ortiq rahbarlarining ushlanganligi yuzasidan maqolalar eʼlon qilingan.

Taʼkidlash joizki, jinoyat ishi iqtisodiyot asoslariga qarshi qator jinoyatlar sodir etgan 7 ta bozorning rahbarlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan. Xususan:

– sifatsiz mahsulotlar xarid qilish va ularning buzilishiga yoʻl qoʻyish orqali davlatga 27,7 mlrd. soʻm miqdorida zarar yetkazish;

– bozorlar hududida pullik xizmatlar koʻrsatish natijasida kelib tushgan 3 mlrd. soʻmdan ortiq pul mablagʻlarini inkassatsiya qilmaslik orqali oʻzlashtirish;

– hisobga olinmagan va noqonuniy qurilmalar (omborxonalar va yengil tuzilmalar) faoliyatidan kelib tushgan 2 mlrd. soʻmdan ortiq pul mablagʻlarini oʻzlashtirish;

– savdo nuqtalari faoliyatidan kelib tushgan 1 mlrd. soʻmdan ortiq davlat mablagʻlarini ijara toʻlovlarini topshirmaslik orqali talon-toroj qilish;

– savdo nuqtalarini realizatsiya qilish natijasida tadbirkorlardan 2 dan 5 ming AQSH dollari miqdorigacha noqonuniy pul mukofotlarini olish.

Mazkur holatlar yuzasidan Savdo departamenti va bozorlarning mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

“Yunusobod dehqon bozori” AJ rahbarlari O.Mustayev va B.Yusupovlar tomonidan yetkazilgan 800 mln. sum atrofidagi zarar, shuningdek, “Toshkent ozik-ovkat zaxira” DUK direktori R.Rasulov tomonidan yetkazilgan 3,9 mlrd. sum atrofidagi zararning toʻlanganligini inobatga olgan holda ularga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot chorasi ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyot chorasiga oʻzgartirildi.

Jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

OʻzA
1 847