O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Toshkent shahar prokurori: “Dorixona va oziq-ovqat doʻkonlari rahbarlari ustidan nazorat kuchaytirildi”

Toshkent shahar prokurori: “Dorixona va oziq-ovqat doʻkonlari rahbarlari ustidan nazorat kuchaytirildi”

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining oʻn uchinchi sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda poytaxt miqyosida faoliyat olib boruvchi tuzilmalar rahbarlari, senatorlar ishtirok etmoqda.

Sessiyada “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi ijrosi, dori vositalari, tibbiy buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari, jamoat tartibini saqlash va hududda karantin tadbirlariga toʻliq rioya etilishini taʼminlash, pandemiya sharoitida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilinmoqda.

Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev dori vositalari, tibbiy buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari qatʼiy nazoratga olinishi holati boʻyicha hisobot berdi.

Qayd etilganidek, shu maqsadda shahar prokuraturasida maxsus shtab tashkil etilgan va har bir tuman prokuraturasida ishchi guruhlar tuzilgan.

Poytaxtda mavjud 13 dehqon bozori va savdo komplekslariga tuman prokurorlari oʻrinbosarlari va shahar prokuraturasi tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari biriktirilgan.

Savdo va karantin qoidalari buzilishi, shuningdek narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish hamda sunʼiy tanqislik vujudga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida 3 ming 304 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortishgacha boʻlgan qonuniy chora toʻgʻrisida rasman ogohlantirilgan.

Shuningdek, dorixona va oziq-ovqat doʻkonlari rahbarlari ustidan nazorat ularning moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda keskin va qattiq kuchaytirildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda qator nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Poytaxt dehqon bozorlaridagi narx-navoni barqarorlashtirish maqsadida “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida 27 turdagi ijtimoiy muhim turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari intervensiya qilish yoʻli bilan olib kelinib, arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi taʼminlanmoqda.

Nazorat tadbirlarida dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan savdo qilish toʻgʻrisidagi qonun xujjatlari talablariga amal qilmaslik holatlari aniqlanib, tegishli choralar koʻrilmoqda.

Masalan, 16-martdan shu kunga qadar oʻtkazilgan tadbirlarda 111 holatda 836,1 million soʻmlik tibbiy niqoblar, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari noqonuniy savdosi aniqlangan va tegishli chora koʻrilgan.

Bundan tashqari, prokuratura, ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati, milliy gvardiya va boshqa mutassadi idoralar vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan karantin vaqtida uydan chiqmaslik, bozorlarda narxlarni sunʼiy oshirmaslik va boshqa holatlar yuzasidan hududlarda tushuntirish va targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

1 516
N.Abduraimova, OʻzA