Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 18:45 Chop etish versiyasi

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bitiruvchisi Prezidentimizdan minnatdor ekanligini aytdi

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bitiruvchisi Prezidentimizdan minnatdor ekanligini aytdi Mamlakatimizda 11 mingdan ziyod mutaxassis shifokorga ehtiyoj borligi aniqlangan. Shu sababli Prezidentimiz tashabbusi bilan birlamchi tizimda kadrlar ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yil uch mingdan ziyod bakalavrning qariyb 80 foizi birlamchi tizimga jalb qilindi.

Toshkent pediatriya tibbiyot institutida bakalavriatning 7-kursi va ordinaturaning 2-kursi bitiruvchilari "Shifokorlikka qasamyod" tadbirida ana shular haqida so‘z yuritildi.

Toshkent pediatriya tibbiyot institutida 2017-2018 o‘quv yili bakalavriatning 7-kursi va klinik ordinaturaning 2-kursi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyalari 2018-yil 2-yanvardan 6-yanvarga qadar o‘tkazildi. Joriy yilda institutning «Davolash ishi», «Kasbiy ta’lim», «Pediatriya ishi» yo‘nalishlarini 407 nafar, klinik ordinaturani esa 97 nafar talaba bitirdi.



O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan hamkorlikda bir oy muddatda tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj hududlar, tumanlar va shifo maskanlari bo‘yicha aniqlandi. Ushbu ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot yo‘nalishidagi barcha bitiruvchilar doimiy yashash joylaridagi tibbiyot muassasalarida o‘z sohasi bo‘yicha ishga joylashtirildi. Ular joriy yilning 8-yanvaridan ish faoliyatini boshlaydi.

Qashqadaryolik Jahongir Bozorov ham o‘qishni a’lo baholarda yakunlab, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi "Turkiston" qishloq vrachlik punktida umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishga joylashdi.



– Ustozlarimizdan olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llab, xalqimiz uchun xizmat qilishga bel bog‘ladim, – deydi Jahongir. – Biz, yoshlarga yaratilgan bunday sharoit nafaqat bizni, balki ota-onalarimizni ham behad quvontirmoqda. Oilam bag‘rida, ota-onamning yonida o‘zim qiziqqan sohada ishlash doimiy orzuim edi. Orzularimizni ro‘yobga chiqarayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Go‘zal Sattorova, Muhammad Amin (surat), O‘zA
2 026