O‘zA O`zbek

13.09.2018 20:33 Chop etish versiyasi

Toshkent navbatdagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik koʻrmoqda

Toshkent navbatdagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik koʻrmoqda Toshkentda joriy yil 20-21 sentyabr kunlari “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: amalga oshirilmagan imkoniyatlar va strategik istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi. Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida bu tadbirga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida jurnalistlarga maʼlumot berildi.

Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, tadbirdan koʻzlangan maqsad xalqaro moliyaviy institutlar, tashkilotlar, transport uyushmalari, transport-logistika kompaniyalari vakillari bilan yangi transport yoʻlaklarini shakllantirish va takomillashtirish boʻyicha muloqotni har tomonlama rivojlantirishdir.

Xalqaro konferensiya shoʻʼbalarga boʻlingan holda ish olib boradi. Ularda Markaziy Osiyo mamlakatlari transport va tranzit salohiyatining imkoniyatlari, mintaqada yangi yoʻlaklar, bojxona omborlari tarmogʻini yaratish, soha mutaxassislarini tayyorlash, xalqaro yuk tashish uchun zamonaviy shart-sharoitlar va bojxona-chegara tartiblarini ishlab chiqish, tarmoqqa axborot texnologiyalari, marketing va raqamli transport xizmatlarini joriy qilish, temir yoʻl tariflarini tartibga solish kabi masalalar muhokama qilinadi.

Konferensiyada yana bir muhim masala – Oʻzbekistondagi eksportchi korxonalar uchun mintaqa temir yoʻl transporti infratuzilmasidan qulay foydalanish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

Jahon va Markaziy Osiyoda havo transportining bugungi ahvoli va istiqboli, xalqaro aviatashuvlarni rivojlantirish, mintaqamiz mamlakatlariga xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish, terminallar va logistika, pochta joʻnatmalari markazlarini tashkil qilish kabi masalalarga eʼtibor qaratiladi.

Konferensiya yakunida memorandumlar va boshqa hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Ayni paytda konferensiyaga 50 dan ortiq mamlakatdan 340 nafar xorijiy mehmon ishtirokini tasdiqlagan.

Davron Sunnatov, OʻzA
1 789