O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent – Dushanbe munosabatlari yangi bosqichda davom etadi

Toshkent – Dushanbe munosabatlari yangi bosqichda davom etadi

Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 4-dekabr kuni Oʻzbekiston va Tojikiston poytaxtlari rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev delegatsiya aʼzolari bilan muloqotda xalqlarimizni koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, yagona din, oʻxshash madaniyat, urf-odat va anʼanalar bogʻlab turishini alohida qayd etdi. Hamkorlikning joriy holati va istiqbollaridan kelib chiqib, poytaxt shaharlarimiz oʻrtasida har tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Rustam Emomali Toshkent shahrida roʻy berayotgan oʻzgarish va yangilanishlar jarayoni Tojikistonda katta qiziqish bilan kuzatib borilayotganini taʼkidladi. Toshkent shahrining qurilish sohasidagi zamonaviy tajribasi bilan yaqindan tanishish istagini bildirdi. Kelasi yili Dushanbeda Toshkent kunlarini tashkil etish, tadbir doirasida yoshlar forumini oʻtkazishni taklif qildi.

Uchrashuvda manfaatli sohalarda sheriklikni mustahkamlash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar soʻngida 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Toshkent shahri va Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahri ijroiya qoʻmitalari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda birgalikda bajariladigan tadbirlar rejasini amalga oshirishga qaratilgan bitim imzolandi.

Delegatsiya aʼzolari Toshkentda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, shaharning yangilanayotgan qiyofasi misolida esa mamlakatimizdagi islohotlar samaralari, infratuzilmani rivojlantirishdagi saʼy-harakatlar natijalari bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlar poytaxtimizda barpo etilayotgan yer usti metro liniyasining Yashnobod tumani hududidan oʻtadigan qismida olib borilayotgan qurilish ishlari, yangi yoʻnalishda harakatlanishga moʻljallangan vagonlarni koʻzdan kechirdi. Qurilish sohasida tajriba almashish Tojikiston uchun muhim ekani qayd etildi.

Tashrif doirasida Dushanbe shahar raisi Rustam Emomali Uchtepa tumanida joylashgan “Manzarali bogʻdorchilik va gulchilik” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxona bilan tanishdi.

Mazkur issiqxonani modernizatsiya qilish maqsadida 2018-yilda Turkiya, Gollandiya, Italiya kabi ilgʻor davlatlar tajribasi oʻrganildi. Majmuani zamonaviy talablar asosida qayta taʼmirlash va jihozlash uchun 4 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi. Natijada joriy yil issiqxonada 15 million dona gul koʻchati yetishtirildi. Ushbu gullar bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston Respublikasiga ham eksport qilinmoqda. Delegatsiya aʼzolari ayni hamkorlikni kelgusida yuqori surʼatlarda davom ettirish zarurligini qayd etdi.

Dushanbe shahri delegatsiyasi shu kuni Samarqandda boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbara-majmuasiga tashrif buyurdi, mustaqilligimiz asoschisi xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shuningdek, qoʻshni davlat poytaxti raisi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.

1 668
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA