21.08.2012 20:00 Jamiyat

Toshkent dunyoning eng yaxshi shaharlari reytingidan o‘rin oldi

Britaniyaning nufuzli “Ekonomist” jurnali bo‘linmasi – Economist Intelligence Unit (EIU) kompaniyasi reytingiga ko‘ra, Toshkent dunyoning yashash qulay bo‘lgan shaharlari orasida 58-o‘rinni egalladi.

Economist Intelligence Unit bu yili shaharlar reytingi imkon qadar xolis bo‘lishi uchun barcha choralarni amalga oshirdi – tanlovning eng yaxshi mezonlari konkursini e’lon qildi va BuzzData tadqiqot firmasi bilan hamkorlikda dunyoning eng yaxshi shaharlarini aniqlash bo‘yicha takomillashtirilgan kompleks reytingni ishlab chiqdi.

Bu yilgi reyting barqarorlik, sog‘liqni saqlash xizmatlari, madaniy va atrof-muhit sifati, ta’lim darajasi va infratuzilmasi kabi an’anaviy ko‘rsatkichlar bilan birga yashil ekinzorlar maydoni, havoning sifati, hududlarning tavsiflari, tabiiy dam olish maskanlariga yaqinligi, dunyo miqyosidagi madaniy meros ob’ektlari, hududiy va xalqaro transport aloqalarining mavjudligi kabi mezonlar bilan boyitildi.

Ana shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha yashash uchun qulay bo‘lgan dunyoning 140 ta shahri o‘rtasida tanlov o‘tkazildi. 70 ta eng yaxshi shaharlarning yakuniy ro‘yxatidan Osiyoning 30 shahri, Yevropaning 18 shahri, Shimoliy va Janubiy Amerikaning 18, Afrika qit’asining 3 shahri hamda Avstraliya va Okeaniyaga tegishli bo‘lgan bitta shahar o‘rin oldi. Shunisi e’tiborga sazovorki, tanlovda Markaziy Osiyo va Kavkaz hududidan faqat bitta shahar – Toshkent ishtirok etdi.

O‘zbekiston poytaxti dunyoning obodlik va yashash qulayligi reytingida 140 shahar orasida yuqori 58-o‘rindan joy olib, jahon tasnifidagi yashash eng qulay bo‘lgan yirik shaharlar orasidan munosib o‘rin egalladi.

Economist Intelligence Unit ekspertlari tomonidan, ayniqsa, shahar aholisining sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘rsatkichi yuqori baholandi. Bu mezon bo‘yicha asosan Yevropa va Shimoliy Amerikada joylashgan 36 shahar bizning poytaxtimizga qaraganda yuqoriroq o‘rinni egalladi, xolos.

Dunyo reytingida sog‘liqni saqlash xizmatlari sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlari ham yuqori baholanib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshkent dunyoda 48-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston poytaxti transport va kommunikatsiya infratuzilmasi rivojlanishi bo‘yicha ham dunyoning eng ilg‘or 50 shahri sirasiga kiritildi.


O‘zA



Все о погоде - Pogoda.uz