Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 14:50 Chop etish versiyasi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi: qonunbuzarliklar oldi olindi

Ma’lumki, amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan har qanday ko‘rinishdagi va holatdagi qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metaldan yasalgan buyumlarning miqdori haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma’lum qilishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me’yorlariga muvofiq, umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metaldan tayyorlangan 5 donagacha zargarlik buyumini olib kirishga ruxsat etiladi.

Ammo, mazkur talablarni buzib, tilla va zargarlik buyumlarini yashirin yo‘llar bilan olib kirishga urinishlar ham uchrab turibdi. “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari qonunchilik tartibini buzishga uringan shaxslarni fosh qildi. Bokudan Toshkentga uchib kelgan fuqaro G. bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda 5 juft zirak, 3 dona uzuk va boshqa zargarlik buyumlarini bagajidagi kiyimlarning ichki astariga qadab qo‘ygancha olib kirayotgan paytda to‘xtatib qolindi. Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan ushbu tilla taqinchoqlarning umumiy og‘irligi 52 grammni tashkil qildi.

Istanbul – Toshkent reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro X. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ushbu ayol 107 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirgani aniqlandi.

Hozir mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida aniqlangan 89 bojxona qoidabuzarligi bo‘yicha qiymati 1,3 milliard so‘mdan ortiq salkam 20 kilogramm og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlari noqonuniy olib o‘tilishining oldi olindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 709






Все о погоде - Pogoda.uz