O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

Tortishuvlardan soʻng deputatlar qonun loyihasini qaytardi

Tortishuvlardan soʻng deputatlar qonun loyihasini qaytardi

2019-yil 19-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Xususan, parlament aʼzolari “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Taʼkidlanganidek, bugungi raqamli texnologiyalarning rivojlanishi toʻlov xizmatlari bozorini ham taraqqiy ettirishni taqozo qilmoqda. Biroq hozirda yurtimizda toʻlov agregatorlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar koʻlami cheklangan boʻlib, ular asosan mobil aloqa, internet, kommunal va boshqa ayrim xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirib kelyapti. Boisi toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimi operatorlarining faoliyati na bank qonunchiligi, na boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Toʻlovlar va toʻlov tizimlarini tartibga solish, nazorat qilish borasida aniq bir davlat organining vakolat va majburiyatlari qonunchilikda aniq belgilab berilmagani ham mazkur sohada xatarlarni vujudga keltirmoqda.

Deputatlar muhokama qilgan mazkur qonun loyihasi bu boradagi xavf-xatarlarning oldini olish bilan birga, qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyiha, avvalo, ushbu tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning koʻlamini kengaytiradi, toʻlov tashkilotlariga mikromoliya xizmatlarini koʻrsatish, elektron pullar bilan operatsiyalar amalga oshirish kabi xizmatlarni taqdim etish vakolatini beradi. Bu oʻzgarishlar elektron xizmatlar ommabopligini oshiradi, toʻlovchilar uchun qulayliklar yaratadi.

Amaliyotda yangilik boʻlgan ana shu muhim jihatlar xalqimizga katta foyda keltirishini inobatga olib, ushbu qonun loyihasi joriy yilning 3-iyul kuni Qonunchilik palatasining yalpi majlisida birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida masʼul qoʻmita hamda ishchi guruh tomonidan bir necha bor muhokamalar oʻtkazildi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida loyihaning qoida va normalari takomillashtirildi. Norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, loyihadan havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritildi.

Majlisda soʻzga chiqqan deputatlar ham, tijorat banklari mutasaddilari hamda toʻlov tizimi operatorlari ham bugungi kunda mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi muhim ahamiyatga egaligi, unga juda katta ehtiyoj mavjudligini taʼkidladilar. Ularning fikricha, loyihaning qabul qilinishi respublika milliy toʻlov tizimlarining uzluksizligini taʼminlashga va barqarorligini oshirishga, banklar va toʻlov tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti yaratilishiga, toʻlov tizimi operatorlari hamda toʻlov tashkilotlari xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini muhofazalashga xizmat qiladi.

Majlisda tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan birinchi oʻqishda atroflicha muhokama qilindi.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kollizion normalar, ikki xil sharhlash, korrupsiya koʻrinishlari va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlariga olib keluvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyotini bartaraf etishda huquqiy asos boʻladi. Shuningdek, huquqiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgan davrda norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli barcha oʻzgartirishlarni, shu jumladan, qonunlarning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmini qonunchilik darajasida mustahkamlash taʼminlanadi. Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish asosi va tartibga solish predmetini aniq belgilash, normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini kelishishning umumiy qoidalari oʻrnatiladi.

Qonunchilik palatasining majlisida muhokamasi qizgʻin kechgan masala – Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolik holati dalolatnomalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qoʻmitasi xulosasiga koʻra rad etildi.

Majlisda, shuningdek, parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

2 201
O'zA