O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

“Tonirovka” ishqibozi qoʻlga tushdi, jarima miqdori esa oshirilgan...

“Tonirovka” ishqibozi qoʻlga tushdi, jarima miqdori esa oshirilgan...

Toshkent viloyati Bekobod shahri hududida harakatlanish xavfsizligini taʼminlayotgan YHXB katta inspektori, katta serjant B.Shamsiddinov oynalarining tusi oʻzgartirilgan “Matiz” avtomobiliga (10 N 868 RA) toʻxtash ishorasini beradi. Haydovchi inspektorga hujjatlarini taqdim etadi.

– Hurmatli haydovchi, avtomobilingiz oynalari tusini oʻzgartiribsiz, – deydi katta inspektor hujjatlar bilan tanishar ekan. – Bunga ruxsatnomangiz bormi?

– Yoʻq, ruxsatnoma olishga ulgurmagan edim.

– Unday boʻlsa, sizga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiramiz. Transport vositangizni esa vaqtinchalik jarima maydoniga qoʻyamiz.

– Komandir, jarimasini shu yerda toʻlab keta qolay iloji boʻlsa, mashinada bitiradigan ishlarim koʻp edi.

– Uzr, menda joyida jarima qoʻllash vakolati yoʻq. Qolaversa, aynan shu qoidabuzarlik uchun jarima miqdori oshirilgan.

– Yoʻgʻ-e, qancha boʻlgan jarimasi?

– Eng kam oylik ish haqining yigirma besh barobari.

Haydovchi boshini qashlagancha jim boʻlib qoldi. Inspektor esa maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomobilni jarima maydoniga olib bordi.

Bu hozirgi kunda koʻchalarimizda kuzatilayotgan, YPX inspektorlari bilan boʻlayotgan suhbatlardan bir misol. Bu kabi jarayon yuzaga kelishiga aksariyat haydovchilarimizning mavjud qonun va qoidalarni bilmasligi, xususan jarimalar miqdori oshirilganidan bexabarligi boʻlsa kerak.

Maʼlumki, mamlakatimizda avtomobillar oynalari tusini oʻzgartirishning qonuniy asoslari ishlab chiqilgan. Noqonuniy tarzda oynalarni qoraytirish esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 126-moddasiga asosan javobgarlikka tortilishga sabab boʻladi.

Ammo ayrim haydovchilarimiz qaror talablarini buzib, transport vositasining oynalarini tegishli ruxsatnoma olmasdan qoraytirib olmoqda. Ular qonun va qoidalarni chetlab oʻtgan holda amalga oshiriladigan har qanday xolat uchun jazo muqarrarligini unutmoqda.

Yilning oʻtgan davrida Toshkent viloyati hududida noqonuniy ravishda oynalarining tusi oʻzgartirilgan 151 transport vositasi aniqlanib, haydovchilarga nisbatan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shu oʻrinda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 126-moddasini barcha harakat ishtirokchilariga yana bir karra eslatib oʻtishni lozim topdik.

Texnik reglamentga muvofiq boʻlmagan koʻzgusimon va (yoki) tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining oʻrnidan tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish, bundan belgilangan tartibda oynalarni qoraytirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno, eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Bu 5 million 068 ming 250 soʻmni tashkil etadi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, eng kam ish haqining qirq baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Bu 8 million 109 ming 200 soʻmni tashkil etadi.

Bundan tashqari, transport vositasi ushlab turish sabablari bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik jarima maydoniga qoʻyiladi.

Yuqorida aytib oʻtilganlardan qanday xulosa chiqarish har kimning oʻziga havola. Eng muhimi harakatlanish xavfsizligini taʼminlash barchamizning vazifamiz ekanini unutmasak boʻldi.

Toshkent viloyati IIBB YHXB
Axborot xizmati.

1 230
OʻzA