O‘zA O`zbek

24.09.2020 Chop etish versiyasi

Tomchilatib sugʻorish: qulay va tejamkor

Tomchilatib sugʻorish: qulay va tejamkor

Prezidentimiz raisligida joriy yil 16-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mintaqamizda yildan-yilga murakkablashib borayotgan suv tanqisligi muammosini bartaraf etish, suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi.

OʻzA muxbiri bu borada Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar boʻyicha viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oybek Ashurmatov bilan suhbatlashdi.

– Oybek Shodmonqulovich, Respublikamizning boshqa hududlaridan farqli Jizzax viloyati qishloq xoʻjaligida suv taʼminoti ilgaridan ancha qiyin boʻlib kelgan. Ayni paytda bu sohadagi vaziyat haqida maʼlumot bersangiz?

– Mintaqamizda suv tanqisligi bilan bogʻliq vaziyat yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Jumladan, bu yil oʻtgan yilga nisbatan deyarli barcha hududlarda suv ancha kamaygani jiddiy qiyinchilik keltirib chiqardi.

Viloyatda 268 ming 900 gektar sugʻoriladigan maydon boʻlib, 78 ming 100 gektarda paxta, 93 ming 500 gektarda gʻalla hamda 97 ming 300 gektarda boshqa ekinlar yetishtirilayotir.

Ushbu ekin maydonlarini sugʻorish uchun viloyatga 2 trillion 31.7 million kub metr suv limiti ajratilgan. Bu suvning 1 trillion 529.7 million kub metri Janubiy Mirzachoʻl magistral kanali orqali Sirdaryo daryosidan, 265.5 million kub metri Eski Tuyatortor kanali orqali Zarafshon daryosidan, 236.5 million kub metri ichki manbalardan olinadi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda, shu qatori viloyatimizda islohotlarning jadal rivojlanayotganligi, ish bilan band boʻlmagan aholini, ayniqsa “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni qoʻshimcha yer ajratish orqali qoʻllab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida mavjud ekin yer maydonlari va tomorqa yerlardan unumli foydalanish, yiliga kamida 2-3-martadan hosil olish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar natijasida suvga boʻlgan talab yana-da ortmoqda.

Bundan keyin suvga boʻlgan ehtiyojni qondirishning birdan-bir yoʻli suvdan foydalanishga ilm-fanni kiritish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilishdan iborat.

– Bu yoʻnalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga batafsilroq toʻxtalsangiz?

– Viloyatda soʻnggi yillarda ekin maydonlarini sugʻorish tadbirlarini suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalangan holda tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari, koʻrsatmalari, xususan, 2019-yil 25-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida bu sohada qator amaliy ishlar qilindi. Ushbu qaror bilan tomchilatib sugʻorish joriy qilingan 1 gektar uchun 8 million soʻmdan, 1 gektar yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi uchun 4 million soʻmdan hamda 1 gektar diskertli sugʻorish texnologiyasi uchun 1 million soʻmdan subsidiyalar berilishi fermer va klasterlarimizga juda katta yengillik boʻldi.

2020-yilgacha viloyatda 7,2 ming gektarda yoki umumiy sugʻoriladigan maydonning 2,7 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan boʻlsa, bu yilning oʻzida jami 14,2 ming gektarda yoki umumiy sugʻoriladigan maydonning 5,3 foizida ushbu texnologiyalar qoʻllandi.

Jumladan, 6 ming 836 gektarda, shundan 180 ta fermer xoʻjaliklari hamda 1 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 4 ming 991 gektar paxta maydonida, 1 ming 845 gektar boshqa ekin maydonlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan foydalanildi.

Bundan tashqari, 4 ming 100 gektar paxta maydoni egiluvchan quvurlar orqali, 1 ming 205 gektar poliz ekin maydonlarida plyonka toʻshash, Paxtakor tumanida 2 ming 100 gektar paxta maydonlarida diskret sugʻorish tizimlari tashkil etildi.

Umuman olganda, bu yil paxta maydonlarining 11 ming 670 gektarida yoki 15 foizida suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanildi. Birgina Sharof Rashidov tumanida 130 nafar fermer paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 3 ming 672 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish joriy qilindi. Bu tumandagi yalpi paxta maydonining 39,4 foizini tashkil qiladi.

Yaqin yillargacha ushbu tumanni vegetatsiya davrida suv bilan taʼminlash juda qiyin boʻlardi. Bir odam Zarafshon daryosidan suvni haydab kelish uchun Bulungʻur chegarasida, bir odam esa qoʻshni Tojikiston Respublikasi chegarasidan suv oʻtkazishga masʼul boʻlardi.

– Demak, tejamkor texnologiyalar qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida amalga oshirilishini hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Hozirgacha erishilgan natijalar qanday?

Mutaxassislar bilan birga tomchilatib sugʻorish joriy qilingan 4 ming 991 gektar paxta maydonida suv sarfini tahlil qilib chiqdik. Agarda, bu maydonni anʼanaviy yoʻl bilan sugʻorganimizda oʻrtacha 33 million 940 ming kub metr suv ishlatar edik, tomchilatib sugʻorish joriy qilganimizdan keyin ushbu maydonlarga 20 million 360 ming kub metr suv sarflandi yoki 13 million 580 ming kub metr suvning tejalishiga erishildi.

Bundan tashqari, shoh ariq va oʻqariqlar olinishi hisobiga yoʻqotiladigan gʻoʻza maydonidan ham hosil olish imkoniyati paydo boʻldi. Gʻoʻza maydonlarini 8-10-martalab kultivatsiya qilinishiga hojat qolmadi. Mexanizator, chopiqchi va suvchilarga toʻlanishi kerak boʻlgan ish haqi iqtisod qilindi.

Shuningdek, yangi sugʻorish texnologiyasi qoʻllanilganda mineral oʻgʻitlarning gʻoʻzaga taʼsiri 90-95 foizgacha maqsadli sarflanadi. Gʻoʻza maydonlari bir tekisda va oʻz vaqtida sugʻorilishi hisobiga ortiqcha gʻovlab ketishining oldi olinadi va bu paxtaning hosildorligiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi. Dalada begona oʻt bosishining oldi olinishiga erishiladi.

Ochigʻini aytishim kerak, oldinlari fermerlarni tomchilatib sugʻorishni joriy qilasan, boʻlmasa yeringni olaman deb, majburlar edik. Bugun esa oldingi fermer emas, balki klasterlar sinfining paydo boʻlishi raqobatni yuzaga keltirdi. Keyingi ikki-uch yilda fermerlarimiz uygʻonishdi, qishloq xoʻjaligiga ilm-fanni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash ishlariga oʻzlari qiziqish bildirmoqda.

Birgina misol, fermer xoʻjaliklari va klasterlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishdagi beriladigan imtiyozlardan hamda ushbu texnologiyalarning afzalliklaridan kelib chiqib, oʻz tashabbuslari bilan 2021-yilda jami 38,8 ming gektar maydonlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini tatbiq qilish istagini bildirdi. Jumladan, 27,7 ming gektar paxta maydonlarida, 6,3 ming gektar uzumzorlarda, 4,8 ming gektar bogʻlarda, 40 gektar poliz ekinlarida hamda 15 gektar issiqxonalarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatda 20 ming gektar maydonda yerlarni lazer yordamida tekislagan xolda diskret sugʻorish usulini joriy qilish ham belgilab olindi.

Viloyatda 2030-yilgacha 159,8 ming gektar yoki ekin ekiladigan suvli maydonlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi.

– Siz yuqorida qayd etib oʻtgan davlatimiz hujjatlarida sugʻorish tizimiga xususiy tadbirkorlarni jalb etish vazifasi ham belgilangan. Bu yoʻnalishda qanday amaliy ishlar olib borilayotir?

– Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonining 5-bandida qishloq xoʻjaligi ekin yerlarini oʻz balansiga olgan klasterlarga ushbu yerlarda joylashgan suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish yoʻnalishidagi Suv xoʻjaligi vazirligining funksiyalarini qishloq xoʻjaligi yer egalariga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida oʻtkazish toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida amalga oshirilishiga ruxsat berilgan.

Bugungi kunda viloyatda “Sirdaryo-Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi xuzuridagi Jizzax nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi balansidagi Mirzachoʻl tumanidagi “Mashina kanali”, “Arnasoy-1” va “Oqtosh” nasos stansiyasi boʻyicha “Gʻallaorol” xususiy qurilish korxonasi bilan birgalikda loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilib, suv xoʻjaligi vazirligiga taklif berildi.

Bundan tashqari, 2022-2030-yillarga suv xoʻjaligi obyektlaridan 10 ta nasos stansiyani davlat xususiy sherikchiligiga oʻtkazish rejalashtirilgan.

OʻzA muxbiri
Toshqul BEKNAZAROV suhbatlashdi.

1 780
OʻzA