O‘zA O`zbek

18.08.2018 12:03 Chop etish versiyasi

Tojikiston Prezidenti Islom Karimov maqbara majmuasini ziyorat qildi

Tojikiston Prezidenti Islom Karimov maqbara majmuasini ziyorat qildi

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara majmuasiga tashrif buyurdi.

Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. Islom Karimov xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida 2017-yilda bunyod etilib, xalqimizning buyuk Yo‘lboshchimizga cheksiz hurmat-ehtiromining yorqin ifodasi sifatida obod etildi. Bu yerda qisqa fursatda ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Hazrati Xizr masjidiga monand maqbara va ayvon qad rostladi. Maqbara va ayvon devorlariga Qur’on oyatlari, hadislar hamda Islom Karimovning hikmatli so‘zlari yozilgan.

Majmuani har kuni minglab yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlar ziyorat qiladi. Ular orasida Tojikistondan keladigan mehmonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Emomali Rahmon Islom Karimov buyuk davlat arbobi, dunyo tan olgan ulkan siyosatchi bo‘lganini ta’kidlab, u nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa davlatlari taraqqiyoti, xavfsizligi uchun ham muhim tashabbuslar bilan chiqqanini qayd etdi. Shu jihatdan Islom Karimov butun mintaqa xalqlari xotirasida abadiy qoladi.

U. Asrorov, G‘. Hasanov, O‘zA
2 295