O‘zA O`zbek

09.08.2018 15:49 Chop etish versiyasi

TOJIKISTON MATBUOTI. Tojik she’riyatining zahmatkash tarjimoni

TOJIKISTON MATBUOTI. Tojik she’riyatining zahmatkash tarjimoni
Taniqli shoir, tarjimon va publitsist Jamshid Primovning hozirgi zamon tojik shoirlari she’rlaridan o‘zbek tiliga o‘girgan “Hamohang ko‘ngillar” (Xo‘jand, 2018-yil) kitobi xususida...

Yaqinda 70 yoshni nishonlagan taniqli shoir 50 yildan ko‘proq vaqt davomida o‘zbek va tojik adabiyotiga sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Uning o‘nlab she’riy tarjima va o‘tkir publitsistik asarlari muxlislar ko‘ngil mulkiga aylangan. Shoirni Tojikiston va qardosh O‘zbekistonda birday tanishadi. Yetakchi gazeta va jurnallarda she’r va g‘azallarini davlat nashriyotlarida kitoblarini chop qilishadi. U o‘ziga xos uslubi va samimiy lirikasi, dardchil va adolatparvarligi, rostgo‘yligi bilan el nazariga tushdi.

Jamshid zullisonayn shoir sifatida ham tanilgan. Ma’lumki, buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy zamonidan va hozirgacha yashab kelgan ustoz shoirlar har ikki tilda ijod qilgan. Yashash tarzlari, qadriyatlari, urf-odatlari va murod-maqsadlari mushtarak bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlariday yaqin qondosh xalqlar dunyoda topilmaydi. Bu shubhasiz adabiy muhitga ham o‘z ta’sirini o‘tkazib kelayotir. Ikki tilda ijod qilish, bir-birlaridan ona tillariga o‘girish odatiy tus olgan. Jumladan, Xo‘jand ham Farg‘ona vodiysiga tutashganligi sababdan shoirlari bordi-keldi qilishgan, do‘st-birodar tutinishgan, ikki tilda go‘zal g‘azallar, ruboiy va baytlar, doston va hajviy she’rlar yaratishgani ayondir. Qadimiy Istaravshanda tug‘ilib, voyaga yetgan Jamshid bolalik chog‘idanoq tojik tilida ilk she’rlarini yozdi, keyinchalik Dushanbega kelib, “Sovet Tojikistoni” (“Xalq ovozi”) gazetasida xizmat qilgan yillarida tojik she’riyati bilan yaqindan tanishdi. Dastlabki tarjimalari gazeta-jurnal va adabiy almanaxlarda bosila boshlandi. 1991 yilda o‘ttizdan ortiq tojik shoirlaridan o‘girgan she’rlari “Irfon” nashriyotida 7000 nusxada chop etilib, tezda tarqalib ketdi. Aholisining chorak qismi o‘zbeklar bo‘lgan respublikamiz talaba va o‘quvchilari birinchi marta ko‘pchilik tojik mualliflari asarlaridan tuzilgan kitobga ega bo‘ldi. Sinf va auditoriyalarda yosh tojik shoirlarining o‘zbekcha she’rlari yangradi. Endi ko‘zga tashlanib kelayotgan shoirni Toshkent hamda Dushanbeda nashr etilgan “Zangori yaproqlar” va “Maysa hidi” deb nomlangan kitoblari uchun SSSR Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishdi.

Oradan 40 yil o‘tdi. Bu davr mobaynida 50 dan ortiq tojik shoirlarining sara she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi, gazeta-jurnallarda chop ettirdi. Tojikiston xalq shoiri, Ro‘dakiy mukofoti laureati Saydali Ma’murning alohida kitobini “Quyosh farzandi” nomi bilan “Irfon” nashriyoti, taniqli tojik yozuvchisi Fazliddin Muhammadiyevning qissa va hikoyalaridan iborat “Ajal komida” (“Varta”) kitobini Jamshid Primov tarjimasida shu yil “Adib” nashriyotida nashrdan chiqardi. Mana, So‘g‘d viloyati raisining tavsiyasiga binoan chop qilingan “Hamohang ko‘ngillar” tarjimalar kitobi yuksak poligrafik sifatga ega, undagi she’rlar tarjimonning bilim va mahorati, tajribasi oshib borganini namoyish etadi. Shoir har bir she’r, satr, so‘z ustida bosh qotirib, muallif o‘zligi va uslubini, ohangini, pirovard g‘oyasini, estetik prinsiplarini saqlashga harakat qilgan. So‘z ta’limi va ranglariga, ma’no tovlanishlariga e’tibor beradi. O‘z ovozi va uslubini boshqalarga “yopishtirmaydi”. Uning Lohutiy, Mirzo Tursunzoda, Loyiq, Bozor Sobir, Haqnazar G‘oyib, Sayidali Ma’mur, Gulruxsor va boshqalar ijodidan qilgan tarjimalari asliyatiga juda yaqin, yorqin va tushunarli tilda o‘zbekchaga o‘girilgan. O‘zbekiston xalq shoiri marhum Rauf Parfining Bozor Sobirdan qilgan tarjimalariga yaxshi baho bergani bejiz emas. Taniqli shoirning Jamshid tarjimasidagi “Shoiru she’r bor ekan, to...” nomli va Pablo Neruda xotirasiga bag‘ishlangan she’rning so‘nggi satrlari o‘zbek tilida shunday jarang beradi:

Men qo‘limda she’r-la o‘lgayman,
Men bo‘g‘zima she’r-la o‘lgayman.
Elu yurtim birla qolgayman,
Elu yurtim birla qolgayman.

Yoki Tojikiston Qahramoni Mirzo Tursunzodaning “Shoiro” she’ri:

Shoiro, yonmoqdan topdingmi xabar?
Hech qachon etmagil otashdan hazar.
Harorat yuksak ermasa oftob,
Bu hayot sovuqdan bo‘lardi xarob.

Bu satrlar xalq tili va diliga juda yaqin va tezgina tushunilib, yod olinadi.

Jamshid Primov iste’dodli shoir Loyiqning yuzlab she’r, g‘azal, ruboiy va baytlarini uzoq yillardan buyon tarjima qilib kelmoqda. Loyiq “Sadoi Sharq” jurnalida bosh muharrirligi chog‘ida “Kovaning o‘n yetti o‘g‘li g‘amida yig‘lagani” she’rini va qator ruboiylarini tarjimon tilidan eshitib, endigina nashr etilgan “Kitobi sang”iga “Jamshidi aziz! Umidvoram, ki jomi jamro paydo mikuned”, deb dastxat yozib bergandi.

Yoshlikda mayli, sho‘x, sarkash bo‘laylik,
Parivash diliga tutash bo‘laylik.
Desalar: xok bo‘lar bir kun otash ham,
Toki xok bo‘lguncha otash bo‘laylik.

Loyiqning yuzlab bunday ruboiylari Jamshid tarjimasida o‘zbek kitobxoniga yetib bordi.

Jamshid Primovning tarjima sohasida o‘z uslubi va prinsiplari rioya qiladigan shartlari borki, bu alohida mavzudir.

“Hamohang ko‘ngillar” kitobi Tojikiston va qo‘shni respublikalarda yashayotgan o‘zbek kitobxonlariga bebaho sovg‘a bo‘ldi. Uzoq yillardan buyon ikki qardosh adabiyotga ko‘prik bo‘lib xizmat qilib kelayotgan zullisonayn shoirimiz, ustoz Jamshid Primovning bu tarjimalar kitobi So‘g‘d viloyatining adabiyot sohasidagi Kamol Xo‘jandiy nomli mukofotiga haqli ravishda arziydi. Bundan minglab muxlislar shod bo‘ladilar, xolos. Aslida, Jamshid Primovning xizmatlari bundan ham yuksakroq mukofotlarga arzigulikdir.

Omonboy Jumanov, Omon Rajab,
Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zolari

“Xalq ovozi” gazetasi, Tojikiston

O`zA
3 355