O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Toifalangan ob’ektlarni himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlar muvaffaqiyatli yakunlandi

Toifalangan ob’ektlarni himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlar muvaffaqiyatli yakunlandi

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining harbiy qismlaridan birining shaxsiy tarkibi tomonidan navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Unda shartli dushmanning toifalangan ob’ektga qo‘qqisdan hujumi bo‘lganida shaxsiy tarkibning jangovar harakatlanishi bo‘yicha ko‘rgazmali mashqlari namoyish etildi.

Shaxsiy tarkib “Trevoga” singali bo‘yicha yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi. Davlatimiz iqtisodiyotining o‘q tomirlaridan biri bo‘lgan ob’ektni qo‘riqlash vazifasi yuklatilgan harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini sinovdan o‘tkazuvchi navbatdagi o‘quv mashg‘uloti ana shunday boshlandi. 

Shaxsiy tarkib zudlik bilan o‘ziga biriktirilgan qurol-aslaha va himoya vositalari bilan saf maydoniga yig‘ildi. Harbiy qism komandiri tomonidan yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha bo‘linmalarga vazifalar taqsimlandi. Shundan so‘ng olingan jangovar vazifa bo‘yicha komandirning o‘ta muhim ob’ekt mudofaasi haqidagi qarori qabul qilindi va zudlik bilan mudofaaga kirishildi.

Maxsus-taktik o‘quv rejasiga ko‘ra, shartli dushmanni yakson qilish bo‘yicha bo‘linmalar oldiga qo‘yilgan vazifalar 3 ta o‘quv nuqtasida tegishli vazirlik, idora va mahalliy organlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Birinchi o‘quv nuqtasida shartli dushmanning ob’ektning shimoliy tomonida joylashgan nazorat o‘tish joyida chalg‘ituvchi zarbalar berishi va uning zaxira bo‘linma tomonidan zudlik bilan bartaraf etilishi bo‘yicha mashqlar ko‘rsatildi. Aniq va tezkor amalga oshirilgan qarshi hujum muvaffaqiyatli yakunlanib, shartli dushman harakati to‘xtatildi.

Keyingi o‘quv joyidagi mashg‘ulotlar shartli dushmanning temir yo‘l transportidan foydalangan holda ob’ektga qilgan hujumini qaytarish va ularni zararsizlantirish bilan davom etdi. Unda harbiy xizmatchilar aniq harakat qilib, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib, uni muvaffaqiyatli yakunlashdi.

Navbatdagi o‘quv nuqtasida shartli dushman o‘z rejasini amalga oshirish yo‘lida ob’ektning mazutni saqlash omborida texnogen xarakterdagi yong‘in sodir etishga urindi. Bu jarayonda ham harbiy xizmatchilar hamkor bo‘linmalar birgalikda vazifani bajarishga kirishib, qisqa muddatda xavfni butunlay bartaraf etishdi.

Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari so‘nggida ko‘rgazmali o‘quv joylari tashkil etilib, shaxsiy tarkibning qo‘l jangi chiqishlari ham namoyish qilindi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki taktik-o‘quv mashg‘ulotlari real holatga yaqin tarzda o‘tkazildi. 

Islomjon QO‘ChQOROV, 
Mudofaa vazirligi 
Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi.


1 239
O‘zA