O‘zA O`zbek

16.08.2018 18:43 Chop etish versiyasi

Tohir Malik: Yoshlar orasida jinoyatchilik kamaydi, degan gap bizni xotirjam qilolmaydi

Jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir qilgan, jazo muddatini o‘tayotgan, o‘z joniga qasd qilishga uringan yoshlar, “Yoshlar kafilligi” asosida sud zalidan ozod qilinib, yengil jazo tayinlangan hamda Prezidentimiz farmoni asosida afv etilgan yoshlar bilan yakka tartibda ishlash maqsadida Yoshlar press klubining “Yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik: sabab va oqibatlari. Jinoyat haqiqati va adolati” mavzusidagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Adliya vazirligi, IIV, Bosh prokuratura mutasaddilari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakillari hamda yoshlar qatnashdi.

Yoshlar press klubining mazkur sessiyasida yoshlar bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning sabab va oqibatlari, xususan, ularni keltirib chiqaruvchi omillar, turli zararli illatlar va boshqa masalalar muhokama qilinib, mavzuga doir jamoatchilik fikri tinglandi.

Sessiyada Respublika IIV HPBB bo‘lim boshlig‘i Islomiddin Xoliqov shu yilda yoshlar orasida jinoyatchilik ancha kamaygani, buning uchun soha xodimlari tomonidan tegishli tartibda zarur ishlar olib borilayotganini e’tirof etdi.

Shu o‘rinda I.Xoliqovning ushbu ko‘rsatmasiga yozuvchi Tohir Malik qo‘yidagicha fikr bildirdi:

– Biz sodir etilgan jinoyatni tahlil qilishdan avval uning tub mohiyatiga e’tibor qaratmog‘imiz lozim. Yoshlar orasida jinoyat sodir etilishiga nima sabab bo‘lishi mumkin. Ishsizlikmi, pulsizlikmi, huquqiy savodxonlikni yetishmasligimi? IIB xodimlari yoshlar orasida huquqbuzarlik soni kamaygani haqida aytib o‘tishmoqda. Ammo bu gaplar bizni xotirjam qilolmaydi. Ayniqsa, yoshlar orasida bitta bo‘lsa ham jinoyat sodir etilishi, qonun buzilishi jamiyatimiz uchun eng xavflidir.

Sessiyada Yunusobod tumanidagi tungi klubda o‘ldirilgan sportchi Jamshid Kenjayev voqeasiga ham e’tibor qaratildi.

Mazkur jinoyat sodir etilgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi so‘zga chiqib, qotillik sodir etilgan tungi klubda avval ham shunga yaqin jinoyatlar sodir etilganligi, ushbu tungi klubda ishga qabul qilinganlar hech qanday shartnomalarsiz shunchaki kelishuvlar bilan ishga olinganligi, mahalla faollari ushbu tungi klub faoliyatidan norozi bo‘lib, bir necha bor tegishli tashkilotlarga murojaat qilib kelayotgan bo‘lsa-da, hech bir murojaati ijobiy qondirilmaganini qayd etdi.

Sessiyada “Bizga tungi klublar kerakmi?”, degan savolga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari biz, O‘zbekistonlik yoshlarga tungi klublar kerak emas, chunki tungi klub ziyo maskani hisoblanmaydi, deya javob berishdi.

Bundan tashqari, joriy yilda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilish holatlari tahlili raqamlar bilan ochib berilib, suiiqasd sodir etishga imkoniyat yaratgan oilaviy muhit, jarayon ularning yaqinlari ishtirokida psixologik tahlil etildi.

Sessiyada yuqorida aytib o‘tilgan fikrlar yuzasidan psixolog, yoshlar va spikerlar fikrlari tinglandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
4 411